O‘zbekiston Prezidenti raisligida yoqilg‘i-energetika sohasidagi murojaatlar tahlil qilindi

Iyul 17, 2026. 19:55 • 2 daq

67
O‘zbekiston Prezidenti raisligida yoqilg‘i-energetika sohasidagi murojaatlar tahlil qilindi

TOSHKENT, 17-iyul. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyevga bugun yoqilg‘i-energetika sohasida fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqish hamda ularda ko‘tarilgan muammolarni kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida bartaraf etish yuzasidan axborot berildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, aholini elektr energiyasi va gaz bilan barqaror taʼminlashda fuqarolar murojaatlarini tahlil qilish, ular asosida joylardagi muammolarni aniqlab, manzilli choralar ko‘rish muhim ahamiyatga ega.

2026-yilning birinchi yarmida yoqilg‘i-energetika sohasiga oid 39 ming 220 ta murojaat kelib tushgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 13 ming 820 ta yoki 26,1 foiz kam.

Ularning 50 foizi tabiiy va suyultirilgan gaz, 38,3 foizi elektr taʼminoti bilan bog‘liq.

Murojaatlarda asosan suyultirilgan gaz ballonlarini to‘ldirish, elektr taʼminotidagi uzilishlar, elektr tarmoqlarini qurish va taʼmirlash hamda tabiiy gaz bosimi bilan bog‘liq masalalar ko‘tarilgan.

Murojaatlarning umumiy soni kamayganiga qaramay, har bir murojaatni alohida holat sifatida emas, balki muayyan hudud, tarmoq yoki xizmatdagi muammoni ko‘rsatuvchi muhim signal sifatida o‘rganish zarurligi taʼkidlandi.

Kuz-qish mavsumi oldidan takroriy murojaatlar kelib tushayotgan mahalla va obyektlarni xatlovdan o‘tkazish, elektr va gaz tarmoqlarining texnik holatini o‘rganish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha hududlar kesimida manzilli rejalar ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Ayniqsa, elektr taʼminotida uzilishlar ko‘p kuzatilayotgan hududlarda tarmoq va transformatorlarni taʼmirlash, avariya brigadalarining shayligini oshirish, tabiiy gaz bosimi bilan bog‘liq muammolar mavjud joylarda taʼminot barqarorligini taʼminlash muhimligi qayd etildi.

Shuningdek, suyultirilgan gaz ballonlarini to‘ldirish va aholiga yetkazib berish grafiklariga qatʼiy rioya qilish, ehtiyoj yuqori bo‘lgan hududlarda qo‘shimcha zaxira va imkoniyatlarni safarbar etish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Davlatimiz rahbari mutasaddilarga murojaatlarda ko‘tarilgan tizimli muammolarni kuz-qish mavsumi boshlanguniga qadar hal etish, bunda mahalliy hokimliklar, “mahalla yettiligi” hamda kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar bilan birgalikda tizimli ish olib borish zarurligiga urg‘u berildi.

Mavsumga tayyorgarlik ishlarini muddatida va sifatli yakunlash, aholi hamda ijtimoiy soha obyektlariga tabiiy va suyultirilgan gaz, shuningdek, boshqa yoqilg‘i resurslarini barqaror yetkazib berish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berdi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish