Endi Byornem Buyuk Britaniya Leyboristlar partiyasining yangi yetakchisi etib saylandi

Iyul 17, 2026. 20:00 • 2 daq

12
Endi Byornem Buyuk Britaniya Leyboristlar partiyasining yangi yetakchisi etib saylandi
“Reuters” agentligi surati

LONDON, 17-iyul. /“Dunyo” AA/. Endi Byornem nomzodi Jamoalar palatasidagi 403 nafar leyborist deputatdan 379 nafarining qo‘llab-quvvatlashi natijasida Buyuk Britaniya Leyboristlar partiyasining yangi yetakchisi deb eʼlon qilindi, deya xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “BBC”ga tayanib.

20-iyul kuni Endi Byornem qirol Charlz III tomonidan rasman tasdiqlanganidan so‘ng Kir Starmer o‘rniga mamlakat bosh vaziri lavozimini egallashi kutilmoqda.

Partiyaning navbatdan tashqari quriltoyida so‘zga chiqqan leyboristlarning yangi yetakchisi mahalliy jamoalarni qo‘llab-quvvatlash va fuqarolar manfaati yo‘lida iqtisodiyotni rivojlantirish uchun sharoit yaratishga qaratilgan yangi siyosiy yo‘nalish zarurligini maʼlum qildi.

Partiya rahbari o‘z nutqida bunday keng qo‘llab-quvvatlov uchun hamkasblariga minnatdorlik bildirdi.

“Biz birdammiz va bu birdamlik quvvatini siyosat yana umid bag‘ishlashini uzoq vaqt kutgan odamlar va shaharlar xizmatiga yo‘naltiramiz. Biz ularga bu umidni qaytaramiz”, – dedi leyboristlarning yangi yetakchisi.

U ilgari uch marta Katta Manchester meri etib saylangan va buning uchun “Shimol qiroli” laqabini olgan. Uning bu lavozimdagi ustuvor vazifalari orasida jamoat transportini rivojlantirish, arzon uy-joy va sog‘liqni saqlash masalalari bor edi.

Iyun oyi oxirida u partiya yetakchiligi va bosh vazir lavozimi uchun kurashda ishtirok etish uchun Jamoalar palatasiga qaytdi. Meykerfild saylov okrugidagi qo‘shimcha saylovlarda u “Reform UK” partiyasi nomzodini mag‘lub etdi.

Endi Byornem o‘z qarashlarini sotsialistik yo‘nalishda, iqtisodiyot manfaatlariga mos ravishda shakllantirishi ko‘zda tutilmoqda. U Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan chiqishiga qarshi chiqqan, avvalroq hukumatning COVID-19 pandemiyasi davridagi ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va siyosat bo‘yicha qarorlarini tanqid qilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish