O‘zbekiston elchisi va Misr tashqi ishlar vazirining yangi tayinlangan o‘rinbosari ikki tomonlama hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qildilar

Noyabr 24, 2026. 16:30 • 2 daq

• 16
O‘zbekiston elchisi va Misr tashqi ishlar vazirining yangi tayinlangan o‘rinbosari ikki tomonlama hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qildilar

QOHIRA, 24-noyabr. /“Dunyo” AA/. Misr Tashqi ishlar vazirligida Osiyo mamlakatlari bo‘yicha yangi vazir tayinlangan o‘rinbosari Mayya Taha Xalil bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Suhbat davomida siyosiy muloqotni faollashtirish, oliy va yuqori darajadagi tashriflarga tayyorgarlik ko‘rish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, Misr tashqi ishlar vazirining O‘zbekistonga tashrifini 2027-yilning birinchi choragida tashkil etish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Tomonlar tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi, 12-davrasini Qohirada, konsullik maslahatlashuvlarini esa 2027-yilda Toshkentda o‘tkazish masalalarini ko‘rib chiqdi.

Ayni paytda, ikki mamlakat o‘rtasida imzolanishi rejalashtirilgan 18 ta hujjat loyihasini kelishish va ularni tegishli tashriflar doirasida imzolash bo‘yicha ishlarni jadallashtirish yuzasidan fikr almashildi.

Mudofaa va xavfsizlik sohalarida hamkorlikni kengaytirish, ikki mamlakat mudofaa hamda ichki ishlar vazirliklari o‘rtasida institutsional aloqalarni yo‘lga qo‘yish va tegishli hamkorlik hujjatlarini imzolash muhim yo‘nalishlar sifatida qayd etildi.

Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Misrning “Orascom Investment”, “Orascom Construction”, “Elsewedy Electric”, “In2Metals”, “Nile Sugar” kabi yirik kompaniyalari O‘zbekiston bozorida faoliyat yuritayotgani ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarning izchil rivojlanayotganidan dalolat berishi ta’kidlandi.

Hukumatlararo qo‘shma komissiyaning navbatdagi, 8-yig‘ilishini Qohirada o‘tkazish, ishbilarmon doiralar delegatsiyalarining o‘zaro tashriflarini tashkil etish, O‘zbekiston–Misr Savdo-sanoat palatasini ta’sis etish takliflari ilgari surildi.

Transport va turizm sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish maqsadida Qohira–Toshkent–Qohira yo‘nalishida muntazam to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish istiqbollari ham muhokama qilindi. Misrning “EgyptAir” va “Sky Vision Airlines” aviakompaniyalari mazkur yo‘nalishda parvozlarni amalga oshirishga tayyor ekani qayd etildi.

Uchrashuv yakunida Maya Taha Xalil O‘zbekiston bilan munosabatlarni rivojlantirish Misr tashqi siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidlab, yangi lavozimida ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratishini bildirdi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish