O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati Shvetsiyaning taniqli ommaviy axborot vositalarini o‘ziga jalb qilmoqda
Noyabr 23, 2026. 20:30 • 2 daq
• 228
STOKGOLM, 23-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Shvetsiyadagi elchixonasida taniqli shved media vakillari – opa-singil Magdalena va Xanna Graaf hamda “Resenären” turistik jurnali bosh muharriri Aleksandr Olin bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Magdalena va Xanna Graaf Shvetsiya pop-musiqasi va teleshoulari orqali keng tanilgan bo‘lib, ularning ijtimoiy tarmoqlar va bloglardagi auditoriyasi millionlab kishilarni tashkil etadi.
Mehmonlarga O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, Buyuk ipak yo‘li chorrahasida joylashgan Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlari, Toshkentning zamonaviy qiyofasi hamda rivojlanib borayotgan turistik infratuzilmasi haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston va Orolbo‘yi tabiati, Farg‘ona vodiysi hunarmandchilik an’analari, milliy taomlar, mahalliy bozorlar, tog‘li hududlar va qishki turizm imkoniyatlari taqdim etildi.
Mehmonlar O‘zbekistonning tarixiy merosi va zamonaviy hayotini uyg‘unlikda ko‘rsatish g‘oyasiga katta qiziqish bildirdilar. Uchrashuvda yaqin vaqt ichida mamlakatimizga media-sayohat tashkil etish imkoniyatlari muhokama qilindi. Toshkent va tarixiy shaharlar bilan yaqindan tanishish, milliy bayram tadbirlarini kuzatish hamda hunarmandlar va mahalliy aholi hayotini yoritish bo‘yicha kelishib olindi. Ishtirokchilar, shuningdek, sayyohlar uchun yaratilgan sharoitlar, xalqaro aviareyslar, madaniy muloqot va Shvetsiya bilan aloqalarni kengaytirish istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.
“Resenären” jurnali bosh muharriri Aleksandr Olin joriy yilda Turizm qo‘mitasi huzuridagi PR-markaz bilan hamkorlikda O‘zbekistonga bag‘ishlab tayyorlangan maxsus son (muqovasida opa-singil Graaflarning surati joylashtirilgan) Shvetsiya sayyohlik agentliklari tomonidan katta qiziqish bilan kutib olinganini ta’kidladi. Uning ma’lum qilishicha, jurnalning ushbu soni Stokgolm – Malmyo yo‘nalishidagi reyslarda yo‘lovchilar e’tiboriga havola etilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi