Polshada topilgan o‘zbekistonlik Ikkinchi jahon urushi qatnashchisining “Jasorati uchun” medali vatanimizga qaytariladi
Noyabr 24, 2026. 15:00 • 2 daq
• 2
VARSHAVA, 24-noyabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Polshadagi elchixonasi diplomatlari ushbu davlat Madaniyat va milliy meros vazirligi davlat kotibi Bojena Jelazovska bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda Mazoviya voyevodaligi yodgorliklarni muhofaza qilish idorasi, Polsha Qizil Xoch tashkiloti hamda boshqa tegishli muassasalar vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvning eng muhim voqeasi – Ikkinchi jahon urushida ishtirok etgan, 1925-yilda tug‘ilgan o‘zbekistonlik harbiy xizmatchi Kuzdayev Urun Basarga tegishli “Jasorati uchun” (“Za otvagu”) medalini O‘zbekiston tomoniga tantanali topshirish marosimi bo‘ldi. Mazkur ko‘krak nishoni Polsha hududida olib borilgan eksgumatsiya ishlari jarayonida topilgan.
Kelishuvga ko‘ra, ushbu tarixiy mukofot O‘zbekiston Madaniyat vazirligi orqali mamlakatimizdagi tegishli muzeylardan biriga jo‘natiladi va vatandoshimiz xotirasini abadiylashtirishga xizmat qiladi.
Muzokaralar chog‘ida tomonlar tarixiy-madaniy merosni asrab-avaylash va ikki mamlakatning vakolatli idoralari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash masalalarini muhokama qildi.
Mazoviya voyevodaligi yodgorliklarni muhofaza qilish idorasi hamda O‘zbekistonning tegishli tashkilotlari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va saqlash sohasida o‘zaro tajriba almashish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishga kelishib olindi.
Bo‘lib o‘tgan uchrashuv va erishilgan kelishuvlar O‘zbekiston va Polsha o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirish, tarixiy xotirani e’zozlash hamda zamonaviy teatr san’ati infratuzilmasini shakllantirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi