YUNESKO vakillari 43-sessiyadagi tashabbuslarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi
Fevral 16, 2026. 09:45 • 2 daq
• 122
PARIJ, 16-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning YUNESKOdagi doimiy vakolatxonasi tomonidan YUNESKO Ijroiya kengashi raisi, Qatarning YUNESKOdagi doimiy vakili Nosir Hamad Xinzab bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ijroiya kengashi YUNESKOning rahbar organlaridan biri bo‘lib, tashkilotning ish dasturi va byudjet smetasiga javobgar, dasturlarning bajarilishini nazorat qiladi va uning faoliyati to‘g‘risidagi hisobotlarni ko‘rib chiqadi.
Uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad Samarqand shahrida YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi ochilish marosimida O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirishdir. Shu bilan birga, YUNESKO doirasida O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
YUNESKO Ijroiya kengashi raisiga O‘zbekiston Prezidentining Samarqand Bosh konferensiyasidagi tashabbuslarini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” taqdim etildi.
Nosir Xinzab Samarqandda tarixiy Bosh konferensiya muvaffaqiyatli tashkil etilgani va yuqori saviyada o‘tkazilgani, sessiyaning barcha ishtirokchilariga ko‘rsatilgan alohida mehmondo‘stlik uchun O‘zbekiston tomoniga samimiy minnatdorlik bildirdi.
Ijroiya kengashi raisi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Samarqandda Bosh konferensiya ochilishida so‘zlagan nutqi va bildirgan tashabbuslari barcha ishtirokchilarni to‘lqinlantirib yuborganini taʼkidladi.
Nosir Xinzab YUNESKO Ijroiya kengashi raisi sifatida ham, Qatarning doimiy vakili sifatida ham ushbu tashabbuslarni amalga oshirishda O‘zbekistonga har tomonlama ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.
O‘zbekistonning 19-noyabrni Xalqaro hujjatli meros kuni deb eʼlon qilish tashabbusini amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi. Ijroiya kengashi raisi ushbu tashabbus YUNESKO faoliyatining eng muhim va dolzarb yo‘nalishlaridan biriga taalluqli bo‘lib, insoniyatning hujjatli merosini himoya qilish va asrab-avaylash masalasini ilgari surishga katta hissa qo‘shishini alohida taʼkidladi.
Shu munosabat bilan ushbu tashabbus YUNESKO Ijroiya kengashining 2026-yil 8–23-aprel kunlari bo‘lib o‘tadigan 224-sessiyasida boshqa aʼzo mamlakatlar tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanishiga umid bildirdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston bilan Qatar o‘rtasida YUNESKO doirasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi hamkorlikning ham ikki tomonlama, ham ko‘p tomonlama platformalardagi yuksak darajasini hisobga olgan holda, tomonlar YUNESKO doirasida tashabbus va nomzodlarni o‘zaro qo‘llab-quvvatlash amaliyotini mustahkamlashdan manfaatdor ekani qayd etildi.
YUNESKOning O‘zbekistondagi faoliyati sohalarida Qatar tomoni ishtirokida yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari, jumladan, Butunjahon merosi obyektlarining saqlanishini taʼminlash masalalari muhokama qilindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
