«Daily Times» gazetasi: Zahiriddin Muhammad Bobur merosi Pokiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi uzilmas tarixiy ko‘prik
Fevral 14, 2026. 18:00 • 2 daq
• 71
ISLOMOBOD, 14-fevral. /“Dunyo” AA/. Pokistonning «Daily Times» gazetasida «Boburning barhayot merosi» sarlavhali maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Pokistondagi «Baburi Forum» prezidenti Ramzan Mo‘g‘ul qalamiga mansub mazkur maqola avvalida taʼkidlanganidek, Islomobod shahrida quriladigan Bobur bog‘iga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif tomonidan tamal toshi qo‘yilishi marosimi diplomatik tadbir emas, balki umumiy merosimizni chuqur anglash va uni qayta tiklash ramzidir.
«Pokiston poytaxti markazida barpo etilayotgan Bobur bog‘i Pokiston va O‘zbekistonni o‘zaro bog‘lab turgan chuqur tarixiy aloqalarning amaliy ifodasidir», – qayd etadi muallif.
Nashrda, shuningdek, «Baburi Forum» va O‘zbekistondagi «Bobur xalqaro jamoat fondi» o‘rtasida imzolangan anglashuv memorandumi haqida ham maʼlumot berilgan.
Bundan tashqari, materialda shoh Bobur davlatda adolatli boshqaruvni taʼminlagani, shuningdek, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va teng soliq siyosatiga tayangan samarali daromad yig‘ish tizimini joriy etgani taʼkidlangan. O‘z davrining ko‘plab podshohlaridan farqli o‘laroq, Bobur adolat tamoyiliga sodiq edi va bu fazilat unga ham xalq, ham zamondoshlari hurmatini qozonishda muhim ahamiyat kasb etdi. Uning davlat boshqaruvi uslubi madaniy yo‘qotish emas, balki madaniy uyg‘unlashuvga asoslangan edi: u mahalliy anʼanalarni hurmat qilar, shu bilan birga turkiy taʼsirni davlat boshqaruvi va saroy madaniyatiga tabiiy ravishda singdirgan. Ana shu uyg‘unlik Boburiylar imperiyasining uch asrdan ziyod ravnaq topishiga zamin yaratib, Janubiy Osiyoning badiiy va maʼmuriy taraqqiyotiga uzoq muddatli taʼsir ko‘rsatgan.
«Boburning intellektual salohiyati uning memuar asari – “Boburnoma”da ham yaqqol namoyon bo‘ladi. Ona tili — turkiy tilda yozilgan va keyinchalik fors tiliga tarjima qilingan ushbu tarixiy asar shoh va shoir qalbiga chuqur nazar tashlash imkonini beradi. “Boburnoma”da Boburning tabiatga bo‘lgan beqiyos muhabbati ham aks etgan. Bugungi Pokiston hududini tashkil etgan o‘lkalarning o‘simlik va hayvonot olami hamda manzaralari haqidagi aniq va nafis tasvirlar keyinchalik Boburiylar meʼmorchiligini belgilab bergan estetik qarashlar asosiga aylangan. Lahordagi mashhur «Shalimar Gardens» Bobur qadrlagan “Chorbog‘” – jannatsimon bog‘ g‘oyasining bevosita davomidir», – deb yozadi Ramzan Mo‘g‘ul.
Maqola muallifning quyidagi so‘zlari bilan yakunlangan: «Mirzo Bobur merosi barhayot namuna sifatida saqlanib qolmoqda. Bugungi kunda olimlar va tarixchilar uning merosini yana-da chuqur o‘rganar ekan, Bobur Pokiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi uzilmas tarixiy ko‘prik sifatida o‘z ahamiyatini saqlab qolayotganini taʼkidlaydilar. Islomobod shahrida Bobur bog‘ining barpo etilishi esa ana shu qadimiy aloqalarni mustahkamlab, umumiy tariximizdan ilhom olgan holda yanada integratsiyalashgan va madaniy jihatdan farovon kelajak sari intilishga undaydi».
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
