Anqarada Navoiy tavalludining 585 yilligi yuksak saviyada nishonlandi
Fevral 16, 2026. 09:41 • 3 daq
• 85ANQARA, 16-fevral. /“Dunyo” AA/. Buyuk shoir va mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Said boshchiligidagi delegatsiya Anqara shahrida bo‘ldi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif doirasida qator madaniy va ilmiy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etildi. Xususan, Kechioren tumani Gyumyushdere Ixlamur bog‘idagi Alisher Navoiy haykali poyida tantanali gulchambar qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimda Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY) Bosh kotibi Sulton Rayev, Kechioren tumani hokimi birinchi o‘rinbosari Atila Zorlu, diplomatik korpus vakillari, olimlar, shoir va yozuvchilar ishtirok etdi.
So‘zga chiqqanlar Navoiyni turkiy dunyo maʼnaviy birligining ramzi sifatida eʼtirof etdi. Sulton Rayev Navoiy merosi xalqlarni yaqinlashtiruvchi kuchli maʼnaviy asos ekanini taʼkidladi. Marosim davomida olimlar tomonidan Navoiyning g‘azal va sheʼrlaridan namunalar o‘qildi.
Delegatsiya aʼzolari TURKSOY tashkilotida “Turk adabiyotining buyuk namoyondasi – Alisher Navoiy” mavzusidagi xotira dasturida ishtirok etdi. Tadbirda Qozog‘istonning Anqaradagi elchisi Yerkebulan Sapiyev va Turkmanistonning Anqaradagi elchisi Mekan Ishanguliyev ham qatnashdi.
Uchrashuvda Navoiyning umumturkiy madaniy meros sifatidagi o‘rni va uning asarlari bugungi kunda ham dolzarb ahamiyat kasb etishini alohida qayd etildi. Anqara universiteti Tarix va til fakulteti professori, turkmanistonlik olim Berdi Sariyev “Turkmaniston adabiyotidagi Alisher Navoiyning o‘rni” mavzusida maʼruza qilib, Navoiy ijodining turkman adabiyotiga taʼsiri va umumiy adabiy anʼanalardagi hissasi haqida gapirdi.
“Alisher Navoiy va Turk dunyosi” mavzusidagi ilmiy-maʼrifiy panel sessiyasi Anqara Ijtimoiy bilimlar universitetida yuqori saviyada tashkil etildi. Mazkur anjuman Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi munosabati bilan o‘tkazilayotgan tadbirlar doirasida bo‘lib, turkiy xalqlarning mushtarak adabiy va maʼnaviy merosini chuqurroq anglash, uni zamonaviy nuqtai nazardan tahlil qilishga bag‘ishlandi.
Sessiya avvalida ishtirokchilarga O‘zbekiston Prezidenti maslahatchisi va spichrayteri Xayriddin Sultonovning videomurojaati namoyish etildi. U o‘z tabrigida buyuk mutafakkirlar xotirasini asrab-avaylash, ular qoldirgan maʼnaviy merosni yosh avlodga yetkazish har bir millatning muqaddas burchi ekanini taʼkidladi.
Panel muhokamalari davomida O‘zbekistonning Turkiyadagi elchisi Ilhom Haydarov so‘zga chiqib, Navoiyning boy adabiy merosi, turkiy til va adabiyot taraqqiyotida tutgan o‘rni, uning davlatchilik va yuksak axloqiy qarashlari haqida atroflicha fikr bildirdi. Elchi o‘z nutqida Navoiyning “Xamsa”si va g‘azallari turkiy tilning nufuzini oshirish, uni ilm-fan va badiiy ijod tili sifatida mustahkamlashda hal qiluvchi ahamiyat kasb etganini eʼtirof etdi.
Muhokamalar jarayonida tashrif buyurgan o‘zbek va turk olim-tadqiqotchilar o‘z maʼruzalari bilan ishtirok etib, Navoiy ijodining tilshunoslik, adabiyotshunoslik va tarixiy-falsafiy jihatlarini keng qamrovda tahlil qildi. Savol-javoblar qismi jonli va mazmunli ruhda o‘tib, ishtirokchilar o‘rtasida samarali fikr almashinuviga zamin yaratdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi





