O‘zbekiston Prezidenti va Iordaniya Podshohi tor doirada uchrashuv o‘tkazdilar hamda oliy davlat mukofotlari bilan taqdirlandilar

Noyabr 24, 2026. 17:45 • 2 daq

• 11
O‘zbekiston Prezidenti va Iordaniya Podshohi tor doirada uchrashuv o‘tkazdilar hamda oliy davlat mukofotlari bilan taqdirlandilar

TOSHKЕNT, 24-noyabr. /“Dunyo” AA/. Bugun Amman shahrida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Iordaniya Podshohi Abdulla II ibn al-Husayn rafiqalari ishtirokida uchrashuv o‘tkazdilar, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston Prezidenti delegatsiyaga ko‘rsatilayotgan alohida izzat-ikrom va e’tibor uchun Podshohga samimiy minnatdorlik izhor etib, so‘nggi yillarda Iordaniya erishayotgan ulkan yutuqlarni yuksak baholadi.

Oliy darajadagi tashrif arafasida tashkil etilgan qator tadbirlar davlatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Uchrashuvdan so‘ng ikki mamlakat yetakchilarini oliy davlat mukofotlari bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Davlatimiz rahbariga Iordaniyaning oliy davlat mukofoti – “Al Husayn ibn Ali” ordeni tantanali ravishda topshirildi.

O‘zbekiston Prezidenti ushbu yuksak mukofotda nafaqat ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik rishtalarini mustahkamlashga qo‘shgan shaxsiy hissasiga berilgan e’tirofni, balki Iordaniya Podshohining o‘zbek xalqiga nisbatan cheksiz hurmati, ko‘p qirrali munosabatlarimiz rivojiga qaratayotgan ulkan e’tiborining yorqin namunasini ko‘rishini mamnuniyat bilan ta’kidladi.

O‘z navbatida, davlatimiz rahbari Iordaniya Podshohini mamlakatlarimiz o‘rtasidagi yaqin do‘stlik munosabatlari va o‘zaro anglashuvni mustahkamlash, siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni izchil rivojlantirishga qo‘shgan salmoqli hissasi uchun “Oliy Darajali Do‘stlik” ordeni bilan taqdirladi.

Ta’kidlanganidek, ushbu mukofot Podshoh Abdulla II ibn al-Husaynning ikki tomonlama munosabatlarni kengaytirish yo‘lidagi ulkan sa’y-harakatlariga O‘zbekiston xalqi va davlati tomonidan bildirilgan yuksak ehtirom ifodasidir.

Iordaniya yetakchisi bunday samimiy e’tirof uchun Prezidentimizga chuqur minnatdorlik bildirib, ushbu mukofotni butun Iordaniya xalqiga, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi azaliy do‘stlik va mustahkam hamkorlikka ko‘rsatilgan alohida hurmat ramzi sifatida qabul qilishini ta’kidladi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish