O‘zbekiston Prezidenti: Biz eski shaharni asrab-avaylashimiz, yanada rivojlantirishimiz shart
Yanvar 23, 2026. 15:40 • 3 daq
• 83
TOSHKENT, 23-yanvar. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Olmazor tumani Xastimom mahallasi Zarqaynar ko‘chasida tashkil etilgan turizm va xizmat ko‘rsatish obyektlari faoliyati bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, turizm kam mablag‘ bilan ko‘p ish o‘rni yaratadigan, aholi daromadi va hududlar qiyofasini yaxshilaydigan soha. Toshkent shahrida bu borada imkoniyatlar ko‘p.
Jumladan, Olmazor tumanida ushbu salohiyatni to‘liq ishga solish maqsadida 447 gektar hududni qamrab olgan loyiha amalga oshirilmoqda. Unga ko‘ra, 15 ta mahallani o‘zaro bog‘lovchi tuman ahamiyatidagi 6 ta ko‘chada turizm va xizmat ko‘rsatish obyektlari barpo etiladi.
Mazkur loyihaning bir qismi – Zarqaynar ko‘chasida bajarilgan bunyodkorlik ishlari. Bu hudud asrlar davomida shakllangan tarixiy qiyofasi, milliy meʼmorchilik anʼanalari va hunarmandchilik ruhi bilan ajralib turadi.
Respublika byudjetidan ajratilgan 150 milliard so‘m hisobiga bu yerdagi 576 ta xonadon milliy ko‘rinishda taʼmirlanib, mahalla tarixiy muhitga uyg‘un qiyofa kasb etdi.
Yuz nafar tadbirkor tomonidan 166 milliard so‘m investitsiya kiritilgani natijasida 7 ta mehmonxona, 8 ta restoran, 5 ta hunarmandlik markazi, 1 ta savdo markazi, 125 ta xizmat ko‘rsatish obyektlari tashkil etildi, 1500 nafar fuqaro doimiy ish bilan taʼminlandi.
Davlatimiz rahbari yangilangan ko‘cha bo‘ylab yurar ekan, milliy meʼmoriy uslubda taʼmirlangan xonadonlar, obod ko‘chalar va aholi uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Shu yerda istiqomat qilayotgan oilalar, turistlar, hunarmandlar bilan samimiy suhbatlashdi.
– Biz turistlar uchun sharoit yaratishni istaymiz, lekin buning asosini ham to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishimiz kerak. Masalan, hunarmandchilik – milliyligimizni ifodalaydigan asosiy yo‘nalishlardan biri. Shu bois hunarmandlar mahsulot ishlab chiqarishi uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratib berish bizning vazifamiz. Malakali kadrlar tayyorlash zarur. Shu maqsadda hunarmandlar universitetini tashkil etish maqsadga muvofiq. Biz tadbirkorlar bilan uchrashyapmiz, endilikda hunarmandlar bilan ham alohida uchrashuvlar tashkil etamiz, – dedi Prezident.
Mutasaddilarga turizm va xizmat ko‘rsatish sohalaridagi ishlarni yanada takomillashtirish, mahallalardagi tarixiy muhitni asrab-avaylagan holda iqtisodiy faollikni oshirish, eng muhimi, odamlar manfaatiga xizmat qiladigan barqaror tizimni shakllantirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.
Shu yerda davlatimiz rahbariga “Olmazor” innovatsion o‘sish hududini rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan master-reja taqdimot qilindi.
Taqdimotda hududni fazoviy-hududiy rivojlantirish konsepsiyasi, ehtiyojlarni baholash natijalari hamda funksional zonalashtirish yechimlari ko‘rsatib o‘tildi.
Master-rejaga muvofiq, taʼlim-innovatsiya, turizm va savdo, madaniy meros, biznes hamda IT xizmatlarini qamrab olgan “rivojlanish koridorlari” shakllantiriladi.
Eski shahar atrofida Talabalar shaharchasi, universitet va texnoparklar sog‘liqni saqlash obyektlari, shuningdek, Islom sivilizatsiyasi markazi, Hazrati Imom majmuasi, Chorsu va tarixiy shahar markazini o‘z ichiga olgan turizm yo‘nalishlari o‘zaro bog‘lanadi. Shu bilan birga, shimoliy markaziy ishbilarmonlik hududida ofislar, IT-park va biznes markazlarini rivojlantirish ko‘zda tutilgan.
Master-rejani amalga oshirish orqali tarixiy merosni saqlagan holda zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish, hududning iqtisodiy salohiyati va shahar muhitini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish maqsad qilingan.
– Har bir ko‘cha uchun kamida besh yillik master reja ishlab chiqish zarur. Kecha Shveysariyaning Daos shahrida binolar saqlangan holda, shahar muhiti sharoitga mos ravishda rivojlantirilayotganini ko‘rdim. Biz ham eski shaharni asrab-avaylashimiz, yanada rivojlantirishimiz shart. Shu maqsadda alohida “Eski shahar” dasturini ishlab chiqish zarur, – dedi davlatimiz rahbari.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
