O‘zbekiston Prezidenti metall listlar ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi
Iyul 13, 2026. 14:00 • 3 daq
• 47
TOSHKENT, 13-iyul. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun O‘zbekiston metallurgiya kombinati Quyuv-prokatlash majmuasining yagona boshqaruv pulti orqali metalni prokatlash jarayonlarini ko‘zdan kechirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, keyingi yillarda kombinatni modernizatsiya qilish va uning ishlab chiqarish salohiyatini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Natijada kombinatning sof foydasi 2017-yildagi 14 million dollardan 2025-yilga kelib, 23 million dollarga yetgan.
Davlatimiz rahbari 2018-yil 29-avgust kuni Bekobodga tashrifi chog‘ida Quyuv-prokatlash majmuasi qurilishi loyihasiga tamal toshini qo‘ygan edi.
Loyihaning umumiy qiymati 839 million dollarni tashkil etadi. 18 gektar maydonda barpo etilgan mazkur strategik ahamiyatga ega majmua mamlakatimizda metall mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojni qondirishga xizmat qiladi.
Bu yerda mahsulot ishlab chiqarish hajmini 2 million tonnaga yetkazish, qo‘shimcha ravishda 1,04 million tonna o‘ramli po‘lat list prokati ishlab chiqarish va kombinatdagi jami ish o‘rinlarini 7 mingtaga yetkazish rejalashtirilgan.
Majmuada Italiyaning “Danieli” kompaniyasi tajribasi asosida ilk bor uzluksiz po‘lat quyish uskunasi boshqa barcha texnologik jihozlar bilan integratsiya qilinib, yagona boshqaruv pulti orqali boshqarilmoqda.
Avvalgi texnologiyalarda 4-5 ta boshqaruv pultidan foydalanilgan va ularda 9 nafar xodim mehnat qilgan bo‘lsa, bugungi kunda yagona boshqaruv tizimi orqali jarayonni atigi 3 nafar mutaxassis nazorat qilyapti.
Prezidentimiz yagona boshqaruv tizimiga sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etib, majmuaning barqarorligi va iqtisodiy samaradorligini yanada oshirish zarurligini taʼkidladi.
Uskunalarning xavfsizligi va tezkorligi bo‘yicha mazkur majmua Markaziy Osiyoda o‘ziga xos va muqobili yo‘q loyiha hisoblanadi. Xususan, ishlab chiqarish jarayonini to‘xtatmagan holda inson omili ishtirokisiz asosiy vallarni avvalgi 30-40 daqiqa o‘rniga atigi 5-7 daqiqada avtomatik ravishda almashtirish imkoniyati yaratilgan.
Prezidentimiz list prokatidan tayyorlangan mahsulotlarning namunalarini ham ko‘zdan kechirdi.
Mutasaddilarining axborotlari ham tinglandi. Xususan, issiq prokatlangan list mahsulotlari qo‘shilgan qiymat zanjiri, respublikada ishlab chiqarishni o‘zlashtirish tavsiya etiladigan mahsulotlar xususida axborot berildi.
Qurilishda armatura mahsulotining muomalasini tartibga solish, qurilish obyektlarida qora metall prokatining qo‘llanilishi ustidan nazorat va seysmik xavfni kamaytirish bo‘yicha amaliy ishlar tushuntirildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi