O‘zbekiston Prezidenti Qatar Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyga uning otasi, Qatarning sobiq Amiri Shayx Hamad bin Xalifa Ol Soniy vafot etgani munosabati bilan hamdardlik bildirdi

Iyul 12, 2026. 20:00 • 2 daq

51
O‘zbekiston Prezidenti Qatar Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyga uning otasi, Qatarning sobiq Amiri Shayx Hamad bin Xalifa Ol Soniy vafot etgani munosabati bilan hamdardlik bildirdi

TOSHKENT, 12-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qatar Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyga uning otasi, Qatarning sobiq Amiri Shayx Hamad bin Xalifa Ol Soniy vafot etgani munosabati bilan taʼziya yo‘lladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri davlatimiz rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadovning telegram-kanaliga tayanib.

Hamdardlik maktubida Shayx Hamad bin Xalifa Ol Soniy uzoq yillar Qatarning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti, ulkan bunyodkorlik ishlarini amalga oshirish, aholi turmush darajasi va farovonligini yuksaltirish, mamlakatni har tomonlama rivojlantirishga beqiyos hissa qo‘shgani, o‘z Vatanining chinakam fidoyi va olijanob farzandi bo‘lgani taʼkidlanadi.

“O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi do‘stona aloqalar va hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishga munosib ulush qo‘shgan Shayx Hamad Ol Soniy Aʼlo Hazratlarining yorqin xotirasi va o‘chmas nomi qalblarimizda abadiy saqlanib qoladi”, - deyiladi maktubda.

Davlatimiz rahbari Qatar Amiriga, uning oila aʼzolari va barcha yaqinlariga, butun Qatar xalqiga chuqur hamdardlik izhor etdi.

Eslatib o‘tamiz, 1995-yildan 2013-yilgacha mamlakatni boshqargan Qatar sobiq amiri 74 yoshli Shayx Hamad bin Xalifa Ol Soniyning vafoti haqida 12-iyul kuni ertalab eʼlon qilingan edi. 2013-yilda u o‘z ixtiyori bilan taxtdan voz kechib, uni hozirda Qatarga rahbarlik qilayotgan o‘g‘li Tamim bin Hamad Ol Soniyga topshirgan.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish