O‘zbekiston Prezidenti Yangi Qarshi shahrini barpo qilish hamda turizm majmuasini tashkil etish loyihalari bilan tanishdi
Oktabr 22, 2026. 15:50 • 2 daq
• 97
TOSHKЕNT, 22-oktabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Yangi Qarshi shahrini barpo qilish hamda Qarshi magistral kanali bo‘yida turizm majmuasini tashkil etish loyihalari bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, yangi shahar uchun Samarqand – G‘uzor yo‘nalishidagi A-378 hamda Shahrisabzga olib boruvchi 4R-79 avtomobil yo‘llari oralig‘idagi 5200 gektar maydon tanlangan. Bu hudud past bonitetli, foydalanilmayotgan cho‘l va yaylov yerlaridan iborat. Dastlabki bosh reja 500 ming aholiga mo‘ljallangan.
Davlatimiz rahbari shaharni istiqbolda 1 million aholi yashaydigan, Qarshiga zamonaviy muqobil bo‘ladigan yirik markaz sifatida rejalashtirish zarurligini ta’kidladi.
Yangi shaharga viloyat hokimligi va boshqa davlat idoralarini ko‘chirish ko‘zda tutilgan. Bu yerda kongress-xoll, konsert zallari va mehmonxonalar barpo etilib, Samarqand va Buxorodagi kabi yirik xalqaro forumlarni qabul qila oladigan turizm markazi shakllantiriladi.
Transport tarmog‘i shaharning boshqa hududlar bilan qulay bog‘lanishini ta’minlashi kerak. Prezidentimiz aeroport va temir yo‘l vokzalini yangi shahar bilan tutashtiradigan elektr jamoat transporti, kerak bo‘lsa, yerusti metro qatnovini yo‘lga qo‘yish kerakligini ko‘rsatib o‘tdi.
Taqdimotda Qarshi magistral kanali bo‘yidagi turizm majmuasi loyihasi ham ko‘rib chiqildi. Uning doirasida uch kilometrlik sayilgoh tashkil etish uchun 235 gektar yer ajratilgan. Loyiha to‘rt bosqichda amalga oshirilib, dastlab 30 gektarda hunarmandlar shaharchasi va turizm hududi barpo etiladi.
Majmuada mehmonxonalar, restoran va do‘konlar, muzey, akvapark, bolalar o‘yin maydonchalari hamda qayiqlar suzishi uchun sun’iy ko‘l qurilishi rejalashtirilgan.
Prezidentimiz yangi shahar va turizm majmuasining bosh rejalarini nufuzli xorijiy loyihalash va arxitektura kompaniyalarini jalb qilgan holda puxta ishlab chiqish, bunda xavfsizlik, qulaylik, hamyonboplik va “aqlli” shahar tamoyillariga tayanishga topshiriq berdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi