O‘zbekiston Prezidenti: Har bir bola hozirning o‘zida mehr, xavfsizlik, sifatli ta’lim va zarur tibbiy yordamga haqli

Oktabr 21, 2026. 22:30 • 2 daq

• 143
O‘zbekiston Prezidenti: Har bir bola hozirning o‘zida mehr, xavfsizlik, sifatli ta’lim va zarur tibbiy yordamga haqli

TOSHKЕNT, 21-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Samarqandda boshlangan “Bolalar farovonligiga investitsiya: kelajak avlodlarning barqaror va adolatli taraqqiyoti sari yo‘l” Butunjahon sammiti ishtirokchilariga tabrik yo‘lladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Samarqandda O‘zbekiston Respublikasi Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva tashabbusi bilan tashkil etilgan “Bolalar farovonligiga investitsiya: kelajak avlodlarning barqaror va adolatli taraqqiyoti sari yo‘l” butunjahon sammiti o‘z ishini boshladi, – deb yozdi O‘zbekiston Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov o‘zining telegram-kanalida. – Anjumanda turli mamlakatlarning birinchi xonimlari, BMT, UNISЕF, Jahon banki, JSST va boshqa xalqaro tuzilmalarning yuqori martabali vakillari ishtirok etmoqda.

Sammitning ochilish marosimida Prezident Shavkat Mirziyoyevning anjuman ishtirokchilariga tabrigini o‘qib eshittirdim.

Davlatimiz rahbari murojaatida bolalar farovonligi, avvalo, ularning bugungi hayoti bilan bog‘liq ekani ta’kidlangan. Har bir bola hozirning o‘zida mehr, xavfsizlik, sifatli ta’lim va zarur tibbiy yordamga haqli. Shu bois, bolalikka sarmoya davlat siyosatida izchil va barqaror o‘rin egallashi zarur.

O‘zbekistonda bu borada olib borilayotgan islohotlar natijasida maktabgacha ta’lim qamrovi 27,7 foizdan 78 foizga oshdi, so‘nggi besh yilda bolalar kambag‘alligi qariyb to‘rt baravar qisqardi. Inklyuziv maktablar soni ham sezilarli ko‘paydi. Prezidentimiz bu ishlarning haqiqiy natijasi har bir oila hayotida sezilishi kerakligiga e’tibor qaratdi.

Bola hayotining ilk davridan uzluksiz ko‘makni kuchaytirish, ona salomatligi, to‘g‘ri ovqatlanish, erta rivojlanish va maktabgacha ta’limni o‘zaro bog‘lash muhimligi ta’kidlandi. Bolalarning og‘ir kasalliklarini, jumladan, onkologik xastaliklarni erta aniqlash va davolashda xalqaro hamkorlikni kengaytirish zarurligi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari Birinchi xonimlarning bolalar onkologiyasi bo‘yicha xalqaro hamkorlik tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.

Bolalar uchun xavfsiz ta’lim va raqamli muhit yaratish, ularni zo‘ravonlik va ekspluatatsiyadan himoya qilish ham murojaatning muhim yo‘nalishlaridan bo‘ldi. Prezidentimiz bolalarning o‘zlariga daxldor xizmatlar haqidagi fikrini eshitishga chaqirib, hamkorlikni davom ettirish uchun Samarqand platformasini amaliy muloqot mexanizmi sifatida shakllantirishni taklif etdi”.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish