O‘zbekiston Prezidenti Tinchlik kengashi Nizomini imzoladi
Yanvar 22, 2026. 17:46 • 2 daq
• 77
TOSHKENT, 22-yanvar. /“Dunyo” AA./ O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Shveysariyaning Davos shahrida Tinchlik kengashi Nizomini imzolash marosimida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, AQSh Prezidenti Donald Tramp raisligida o‘tgan tadbirda Argentina, Armaniston, Bahrayn, Bolgariya, Indoneziya, Iordaniya, Marokash, Mo‘g‘uliston, Ozarbayjon, Paragvay, Pokiston, Qatar, Qozog‘iston, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Vengriya va boshqa davlatlar rahbarlari, bosh vazirlari va tashqi ishlar vazirlari ham qatnashdi.
Tinchlik kengashining tashkil etilishi O‘zbekiston tashqi siyosatining tinchlikni taʼminlash borasidagi tashabbuslari va ko‘p qirrali hamkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ustuvor vazifalariga mosdir. Yangi tuzilma BMTning Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasi bilan qo‘llab-quvvatlangan G‘azo sektoridagi mojaroni tugatish bo‘yicha kompleks rejani amalga oshirish doirasida shakllantirilmoqda.
Tinchlik kengashi mojaroning keskinlashuv xavfini kamaytirish, G‘azo sektorida iqtisodiy va ijtimoiy tiklanish uchun qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan. Bu farovon iqtisodiyot va tinch-osoyishta hayotga ega Yangi G‘azoni barpo etish, istiqbolda Falastin davlatini tuzish imkoniyatini vujudga keltirmoqda.
Kengash tarkibidan jahonning turli mamlakatlaridan nufuzli va taʼsirga ega yetakchilar o‘rin oldi.
Kengash Nizomini imzolab, O‘zbekiston uni taʼsis etgan davlatlardan biriga aylandi. Bu mamlakatimizning kengash faoliyatida izchil ishtirok etishga hamda barcha taʼsischi davlatlar va xalqaro sheriklar bilan yaqin hamkorlikda uning vakolatlarini hayotga tatbiq etishda amaliy hissa qo‘shishga tayyorligini anglatadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
