Logo

Qirg‘iziston OAV: O‘zbekiston va Tojikiston suv resurslari sohasidagi hamkorlikni kuchaytirmoqda

Mart 30, 2026. 12:22 • 2 daq

42
Qirg‘iziston OAV: O‘zbekiston va Tojikiston suv resurslari sohasidagi hamkorlikni kuchaytirmoqda

BISHKEK, 30 mart. /“Dunyo” AA/. Qirg‘izistonning “Alliance-press.kg” axborot-tahlil portalida “O‘zbekiston – Tojikiston: suv resurslari sohasidagi hamkorlik” sarlavhali keng qamrovli maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada taʼkidlanishicha, o‘zbek va tojik xalqlari qadimdan yagona daryolar va umumiy madaniy qadriyatlar bilan bog‘langan. Bugungi kunda ushbu tarixiy yaqinlik va o‘zaro hurmat ikki davlat o‘rtasidagi suv xo‘jaligi sohasidagi muvaffaqiyatli hamkorlikning mustahkam poydevori bo‘lib xizmat qilmoqda.

Nashr Markaziy Osiyo transchegaraviy daryolaridan majmuaviy foydalanish bo‘yicha 2019 yilda tashkil etilgan Qo‘shma ishchi guruhi faoliyatiga alohida to‘xtalgan. Hozirga qadar yettita yig‘ilish o‘tkazilib, unda “Bahri Tochik” suv omborining ish rejimini muvofiqlashtirish va suv resurslarini boshqarish tizimini isloh qilish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishilgan.

Maqolada suv hisobini yuritishning raqamlashtirilishiga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Shveysariya hukumati granti hisobidan “Patar” va “Sarvak” gidropostlarida o‘rnatilgan zamonaviy asboblar “Shimoliy Farg‘ona” va “Katta Farg‘ona” magistral kanallaridagi suv sarfini real vaqt rejimida aniq kuzatib borish imkonini bermoqda.

Shuningdek, Surxondaryo viloyatini suv bilan taʼminlovchi “Katta Hisor” kanalining 50,8 km qismi loyqadan tozalangani va Varzob daryosidagi gidrotexnik inshootlar modernizatsiya qilingani natijasida viloyatga qo‘shimcha 35–40 m³/s suv yetkazib berishga erishildi.

Qirg‘iziston nashri xulosa qilishicha, O‘zbekiston va Tojikistonning transchegaraviy daryolardan birgalikda foydalanish borasidagi bunday pragmatik yondashuvi mintaqaning barqaror rivojlanishi va xalqlar farovonligining kafolati bo‘lib xizmat qilmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish