O‘zbekiston Prezidenti Tojikiston parlamenti Majlisi milliy raisini qabul qildi

Noyabr 04, 2026. 21:50 • 2 daq

• 18
O‘zbekiston Prezidenti Tojikiston parlamenti Majlisi milliy raisini qabul qildi

TOSHKЕNT, 4-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Tojikiston Majlisi oliy Majlisi milliy raisi Rustami Emomalini qabul qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuv avvalida Majlisi milliy raisi O‘zbekiston yetakchisiga Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmonning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston – Tojikiston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini, jumladan, ikki mamlakat parlamentlari hamkorligi doirasida yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Barcha yo‘nalishlardagi hamkorlik jadal sur’atlarda rivojlanayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘zaro savdo va yuk tashish hajmlari ortib bormoqda. Sanoat, qurilish, energetika, qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika va boshqa sohalarda kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Qo‘shma Investitsiya kompaniyasi samarali faoliyat yuritmoqda.

Poytaxtlar va hududlar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni rag‘batlantirish, madaniy-gumanitar, ta’lim va turizm sohalaridagi almashinuvlarni kengaytirish muhimligi ta’kidlandi.

Oliy darajada erishilgan kelishuvlar va qo‘shma tashabbuslarni ilgari surishda qonunchilik organlarining rolini oshirish, bu borada parlamentlararo komissiyalar, do‘stlik guruhlari hamda sohaviy qo‘mitalar faoliyatini faollashtirishga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston yetakchisi Rustami Emomalini ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashdagi katta xizmatlari, parlamentlararo muloqotni kengaytirish borasidagi samarali faoliyati uchun davlatimizning yuksak mukofoti – “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirladi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish