O‘zbekiston Prezidenti Buxoro viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi
Noyabr 04, 2026. 14:10 • 6 daq
• 145
TOSHKЕNT, 4-noyabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Buxoro viloyatiga tashrifi doirasida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
– Buxoro iqtisodiyotiga, odamlarning kundalik hayotiga ijobiy o‘zgarishlar olib kiradigan 30 milliard dollarlik yangi tashabbuslar bilan kelganmiz, – dedi davlatimiz rahbari.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, yig‘ilishda ushbu tashabbuslar samarasi, avvalo, aholi uchun zarur infratuzilma va daromad manbalarida ko‘rinishi lozimligi ta’kidlandi. Shu nuqtayi nazardan, ichimlik suvi va oqova suv tarmoqlarini rivojlantirish, yo‘llarni yangilash, sanoat va xizmat ko‘rsatishda yangi loyihalarni amalga oshirish rejalari ko‘rib chiqildi.
Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki ishtirokida suv va kanalizatsiya ta’minotini yaxshilash bo‘yicha 385 million dollarlik loyiha amalga oshirilmoqda. Uning ikkinchi bosqichiga yana 248 million dollar jalb etiladi. Natijada 1,7 million aholining suv ta’minoti yaxshilanadi, 775 ming kishi kanalizatsiya tarmog‘iga ulanadi. Markazlashgan ichimlik suvi bilan qamrov hozirgi 80 foizdan 95 foizga yetkaziladi. Prezidentimiz, ayniqsa, suvni kutayotgan 55 ta mahalla bo‘yicha aniq muddatlarni belgilash va ishlarni tezlashtirishni topshirdi.
Viloyatning transport aloqalarini kengaytirishga qaratilgan loyihalar ham muhokama qilindi. Joriy yilda hududdan o‘tuvchi A-380 avtomobil yo‘lini rekonstruksiya qilish yakunlanadi. Kelasi yil M-37 yo‘lining viloyat hududidagi 69 kilometrini yangilash boshlanib, loyiha doirasida Buxoro shahri atrofida 4,5 kilometrli aylanma yo‘l quriladi.
Samarqand – Buxoro yo‘nalishida sement-beton qoplamali pulli avtomobil yo‘li va tezyurar poyezd uchun yangi temir yo‘l liniyasini barpo etish rejalashtirilgan. Yangi avtomobil yo‘li safar vaqtini hozirgi besh soatdan bir yarim soatgacha qisqartirishi kutilmoqda. Mas’ullarga har ikki loyihaning master-rejasini yakunlash va hamkorlar bilan muzokaralarni boshlash topshirildi.
Buxoroda 300 million dollarlik yangi xalqaro aeroport qurilmoqda. U bir vaqtning o‘zida 20 ta samolyot va 1 ming 200 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniga ega bo‘ladi. Aeroport shahar markazi bilan 24 kilometrli avtomobil yo‘li orqali bog‘lanadi, avtobuslar uchun 5,5 kilometrli BRT yo‘lagi barpo etiladi. Buxoroga Turkiyaning “Pegasus” aviakompaniyasi to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘ymoqda. Kelasi yil Malayziya, Indoneziya, Kuvayt, Misr va Bahrayn bilan ham aviaqatnovlarni boshlash belgilandi.
Yig‘ilishda yangi yo‘llar va aeroport bilan birga viloyat ichida harakatlanish qulayligini oshirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Joriy yilda yo‘llar holatini yaxshilash uchun 900 milliard so‘m ajratilgan bo‘lsa-da, 2 ming kilometr ichki yo‘l va 266 ta ko‘prik ta’mirtalab. Ularni yangilash va ekspluatatsiya qilishga xususiy investitsiyalarni jalb etish, asosiy sayyohlik yo‘nalishlarini bog‘laydigan muqobil pulli yo‘llar qurish imkoniyatlarini o‘rganish topshirildi.
Jamoat transporti yetarlicha rivojlanmagani sabab aholining 80 foizi kundalik qatnovlarda yengil avtomobildan foydalanmoqda. Shu bois, viloyatga qo‘shimcha 120 ta avtobus keltirish jadallashtiriladi. Aeroport va temir yo‘l vokzallari atrofida xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, ko‘kalamzorlashtirishda esa Buxoroning iqlimi va tarixiy qiyofasiga mos yagona yondashuvni qo‘llash vazifalari belgilandi.
Turizm viloyat iqtisodiyotini o‘stirishning muhim yo‘nalishlaridan biridir. Joriy yilda Buxoroga 3,5 million xorijlik sayyoh kelishi kutilmoqda. Mazkur ko‘rsatkichni ikki baravar oshirish, ularning viloyatda qolish muddatini uzaytirish va turizm mavsumini yilning boshqa oylariga ham kengaytirish zarurligi qayd etildi.
Buning uchun Eski shahar, Yetti pir, Chor Bakr, Poykent, Varaxsha va Vardonze kabi tarixiy majmualar yagona turizm konsepsiyasi asosida bog‘lanadi. Gulchorbog‘ mahallasida 50 gektar maydonda turizm markazi, Jalol Ikromiy mahallasida xalqaro tadbirlarga mo‘ljallangan kongress-xoll hamda “Hilton” va “Holiday Inn” brendlari ostida mehmonxonalar qurilmoqda.
Shaharning sakkizta markaziy ko‘chasi yangilanib, oltita xiyobon barpo etiladi. Buxoro tumanida esa 1 ming gektar maydonda 500 million dollarlik turizm klasterini tashkil etish rejalashtirilgan.
Prezidentimiz yangi obyektlar bilan birga xizmatlar mazmunini ham boyitish zarurligiga e’tibor qaratdi. Buxoroda turizm mavsumi to‘rt oydan olti oyga uzaygan, kelasi yil esa 30 ga yaqin xalqaro tadbir o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Biroq viloyatda besh yulduzli mehmonxona yo‘q, yirik savdo va ko‘ngilochar maskanlar yetarli emas, mavjud xizmatlarning asosiy qismi Buxoro shahrida jamlangan.
Mas’ullarga xorijlik sayyohlar sonini 7 millionga yetkazish bo‘yicha oyma-oy reja tayyorlash topshirildi. Unda yangi turpaketlar, tadbirlar, tumanlarda ochiladigan obyektlar va sayyohlar jalb qilinadigan bozorlar aniq ko‘rsatilishi lozim.
Yig‘ilishda viloyat iqtisodiyoti bu yil ilk bor 100 trillion so‘mlik marradan oshishi, o‘sish 10,1 foizni tashkil etishi ta’kidlandi. So‘rovda buxoroliklarning 98 foizi hayot sifati yaxshilanganini bildirgan, tadbirkorlarning 83 foizi esa kelgusi uch yilga ijobiy kutilma bilan qaramoqda.
Shu bilan birga, iqtisodiy o‘sish tabiiy resurslar sanoati va qishloq xo‘jaligiga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Ularning iqtisodiyotdagi ulushi 43 foiz, xizmatlar sohasining ulushi esa o‘n yilda atigi 33 foizdan 36 foizga oshgan.
Prezidentimiz iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, xomashyoni chuqur qayta ishlash va har bir tumanning o‘sish nuqtalarini aniqlashni talab qildi. Sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligidagi ko‘rsatkichlarni 1,5 baravar oshirish bo‘yicha aniq rejalar ishlab chiqiladi.
Sanoat sohasida Buxoroning xomashyo, energiya resurslari va tadbirkorlik salohiyatini birlashtirib, uch yilda 28 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish imkoniyati borligi ta’kidlandi. Shundan 17 milliard dollari neft-gaz va kimyo sanoatiga to‘g‘ri keladi. Buxoro neftni qayta ishlash zavodi quvvatlarini oshirishga nufuzli texnologik kompaniyalarni jalb etish, Kogon tumanida esa neft-kimyo ilmiy-sanoat klasterini tashkil qilish vazifasi qo‘yildi.
Energetikada qisqa muddat ichida qariyb 2 ming megavatt quvvatli elektr stansiyalari ishga tushirilgan. Kelgusi uch yilda yana 3,1 ming megavattli shamol elektr stansiyalari va 1 ming megavattli energiya saqlash tizimlari quriladi. Yangi quvvatlar bilan bir vaqtda uzatish va taqsimlash infratuzilmasini rivojlantirish, viloyatda 745 kilometr elektr tarmog‘ini barpo etish rejalashtirilgan.
Yengil sanoatda xalqaro brendlar bilan hamkorlik tajribasidan foydalanib, Buxoroda ishlab chiqariladigan to‘qimachilik mahsulotlarini tashqi bozorlarga kengroq olib chiqish vazifasi belgilandi. Kelasi yil sohada kamida 1 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish va eksportni ikki baravar oshirish ko‘zda tutilgan.
Ijtimoiy sohadagi ishlar ko‘rib chiqilar ekan, xususiy bog‘cha va maktablarni ko‘paytirish, maktab bitiruvchilarining 50 foizini texnikumlarga jalb etish, texnikumlarni yirik tadbirkorlar va investorlar bilan bog‘lash masalalari muhokama qilindi. Viloyatdagi o‘nta davlat va xususiy oliy ta’lim muassasasida dual ta’lim qamrovini ikki baravar oshirish vazifasi qo‘yildi.
Joriy yilda 29 ta shifoxona va poliklinikani yangilash ishlari amalga oshirildi. Mamlakatimiz yetakchisi tibbiy xizmat sifatini, ayniqsa, birlamchi bo‘g‘in faoliyatini yaxshilash, sohaga investitsiya jalb etish va xorijda tajriba orttirgan vatandoshlar imkoniyatidan foydalanish zarurligini ta’kidladi.
Yig‘ilishda tarmoq va hududlar rahbarlarining hisobotlari hamda kelgusi yilga mo‘ljallangan rejalari tinglandi.
Prezidentimiz o‘z hududini kompleks rivojlantirishda Olot tumani hokimi Nargiza Nematova alohida jonbozlik ko‘rsatayotganini e’tirof etib, davlat va boshqaruv idoralaridagi ko‘p yillik samarali mehnati, yangi ish o‘rinlarini yaratish orqali aholi farovonligini ta’minlash yo‘lidagi xizmatlari uchun uni "Fidokorona xizmatlari uchun" ordeni bilan mukofotlashga qaror qilganini e’lon qildi.
Shuning bilan Prezidentimiz Buxoro viloyatiga tashrifini yakunlab, Toshkentga qaytib keldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi