O‘zbekiston Prezidenti Markaziy Osiyo yetakchilarining Aqaba jarayoni doirasidagi uchrashuvida ishtirok etdi

Noyabr 06, 2026. 14:40 • 3 daq

• 51
O‘zbekiston Prezidenti Markaziy Osiyo yetakchilarining Aqaba jarayoni doirasidagi uchrashuvida ishtirok etdi

TOSHKЕNT, 6-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Aqaba jarayoni doirasidagi Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining sun’iy intellekt sohasida xavfsizlik masalalariga bag‘ishlangan uchrashuvida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, tadbirda Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Iordaniya Podshohi Abdulla II, Ozarbayjon va Qirg‘izistonning yuqori darajali vakillari hamda boshqa xorijlik mehmonlar ham qatnashdi.

Xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish, shuningdek, raqamli texnologiyalarning rivojlanishi bilan bog‘liq yangi xatar hamda tahdidlar masalalari ko‘rib chiqildi.

Davlatlar o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirish, tajriba almashish, ayniqsa, yoshlar orasida radikallashuvning oldini olish mexanizmlarini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratildi.

Prezidentimiz o‘z nutqida xavfsizlik va barqarorlikka tahdidlar kuchayib borayotgan bugungi sharoitda Aqaba jarayonining ahamiyatini yuksak baholadi.

Sun’iy intellekt texnologiyalarining jadal rivojlanishi insoniyat uchun ulkan imkoniyatlar yaratish bilan birga yangi tahdidlarni ham yuzaga keltirayotgani qayd etildi. Shu bois, sifatli ta’lim va inson salohiyatini to‘la ro‘yobga chiqarish uchun sharoit yaratish xavfsizlikning muhim poydevori ekani ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbari ma’rifat va ilmga intilishdek gumanistik an’analarni zamonaviy ilm-fan yutuqlari bilan uyg‘unlashtirish maqsadida “Inson manfaatlari yo‘lida raqamli taraqqiyot” tashabbusini ilgari surdi. Uning asosiy vazifasi sun’iy intellekt salohiyatini bilimlarni keng tarqatish, o‘zaro ishonch muhitini mustahkamlash va shaxs kamoloti uchun yangi imkoniyatlar yaratishga yo‘naltirishdan iborat.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Sun’iy intellektni boshqarish masalalari bo‘yicha global muloqoti qo‘llab-quvvatlandi.

Global sa’y-harakatlarga amaliy hissa qo‘shish uchun O‘zbekistonda BMTning Aksilterror boshqarmasi mintaqaviy ofisini ochishga tayyorlik bildirildi. Ushbu ofis Markaziy Osiyo mamlakatlariga terrorchilik mazmunidagi materiallar haqida ogohlantirish kanallarini ishga tushirish va ularning faoliyatini ta’minlash, terrorizmni moliyalashtirish holatlarini aniqlash, mutaxassislar malakasini oshirish hamda ushbu jarayonlarda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalanish bo‘yicha amaliy ko‘mak ko‘rsatadi.

Shuningdek, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi negizida “Raqamli davrda jaholatga qarshi ma’rifat” xalqaro dasturini yo‘lga qo‘yish taklif etildi. Uning asosiy vazifalari ko‘p tilli axborot resurslarini yaratish, diniy arboblarni axborot muhitida faoliyat yuritishga tayyorlash, islom dinining insonparvarlik qadriyatlarini targ‘ib etayotgan yosh tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari so‘zining yakunida sun’iy intellektning kelajagi nafaqat texnologik taraqqiyotga, balki undan qanday maqsadlarda foydalanishga ham bog‘liq ekanini ta’kidladi. Shu bois, yangi texnologiyalarni tahdidlar manbaiga emas, balki tinchlik, xavfsizlik va inson taraqqiyotini ta’minlashning qudratli vositasiga aylantirish umumiy intilish bo‘lishi lozimligi qayd etildi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish