MOXI: Kelgusi o‘n yillik Markaziy Osiyoda iqtisodiy hamkorlik davriga aylanishi mumkin
Noyabr 06, 2026. 15:00 • 2 daq
• 7
BUDAPЕSHT, 6-noyabr. /“Dunyo” AA/. Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) direktori Javlon Vahobov Vengriyaning “Origo” axborot portaliga bergan intervyusida O‘zbekistonning xalqaro maydondagi mavqei, geosiyosiy o‘zgarishlar va mintaqa iqtisodiy integratsiyasi istiqbollari haqida so‘z yuritdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Javlon Vahobovning ta’kidlashicha, ko‘p qutbli dunyo tartibining shakllanishi Markaziy Osiyo oldida yangi imkoniyatlar ochish bilan birga, geosiyosiy raqobatni kuchaytirmoqda, suv tanqisligi muammosini keskinlashtirmoqda va transport bog‘liqligining ahamiyatini oshirmoqda.
Intervyuda O‘zbekistonning 2016-yildan buyon yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, bahsli masalalarni hal etish va iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan mintaqaviy siyosatiga alohida e’tibor qaratilgan. Muhim yutuqlar qatorida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasida 2025-yil mart oyida erishilgan kelishuv qayd etilgan.
Shu bilan birga, davlatlarning siyosiy yaqinlashuvi hozircha iqtisodiy integratsiyadan oldinda bormoqda. Keyingi bosqich sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi va transport sohalarida qo‘shma loyihalarni kengaytirishdan iborat bo‘lishi kerak. Bunga misol tariqasida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘istonni birlashtirayotgan Qambarota GES-1 qurilishi qayd etilgan.
Institut direktori, shuningdek, Markaziy Osiyoning beshta davlatini xalqaro hamkorlar bilan birlashtiruvchi “C5+1” formatlarining roli oshib borayotganini ta’kidladi. Uning baholashicha, davlatlarning muvofiqlashtirilgan pozitsiyasi mintaqaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish va uning jahon iqtisodiyotidagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Javlon Vahobov “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi hamda Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagini rivojlantirish mintaqaning Xitoy va Yevropa bozorlariga chiqishini kengaytiruvchi strategik ahamiyat kasb etishini urg‘uladi.
Institut rahbari suhbat yakunida so‘nggi o‘n yillikdagi Markaziy Osiyoning eng katta yutug‘i mintaqaviy ishonchning mustahkamlangani ekanini bildirdi. Endilikda siyosiy yaqinlashuvni aniq iqtisodiy natijalarga aylantirish, jumladan, mintaqaviy savdo hajmini hozirgi 12 milliard dollardan 20 milliard dollargacha va undan ham oshirish asosiy ustuvor vazifa bo‘lishi lozimli ta’kidlangan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi