O‘zbekiston Prezidenti mamlakatimizdagi diplomatik missiyasini yakunlayotgan Ozarbayjon elchisini qabul qildi

Iyun 22, 2026. 14:40 • 2 daq

35
O‘zbekiston Prezidenti mamlakatimizdagi diplomatik missiyasini yakunlayotgan Ozarbayjon elchisini qabul qildi

TOSHKЕNT, 22-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun mamlakatimizdagi diplomatik missiyasini yakunlayotgan Ozarbayjon elchisi Guseyn Guliyevni qabul qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston Prezidenti Ozarbayjon elchisining samarali faoliyati hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini rivojlantirish va mustahkamlashga qo‘shgan shaxsiy hissasini alohida qayd etdi.

Oliy va boshqa darajalarda jadal muloqotlar yo‘lga qo‘yildi. Savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishda sezilarli natijalarga erishildi: so‘nggi yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi karrasiga oshdi, Ozarbayjon sarmoyasi ishtirokida 280 ta korxona tashkil etildi, Qo‘shma investitsiya kompaniyasi ta’sis qilindi.

Ayni paytda geologiya, qishloq xo‘jaligi, transport, shaharsozlik, to‘qimachilik, farmatsevtika va boshqa tarmoqlardagi kooperatsiya loyihalari faol pallaga kirgan.

Madaniy-gumanitar almashinuv sohasida ham muhim dasturlar amalga oshirilmoqda.

Uchrashuv yakunida davlatimiz rahbari elchi Guseyn Guliyevga O‘zbekiston bilan Ozarbayjon o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan katta hissasi uchun “Mehnat shuhrati” ordenini topshirdi.

Elchi, o‘z navbatida, uning diplomatik missiyasiga berilgan yuksak baho hamda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi keng ko‘lamli hamkorlik rivojini har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotgani uchun mamlakatimiz yetakchisiga chuqur minnatdorlik bildirdi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish