O‘zbekiston Prezidenti neft va gaz tarmog‘iga doir topshiriqlar ijrosining borishini ko‘rib chiqdi
Mart 10, 2026. 23:30 • 2 daq
• 79
TOSHKENT, 10-mart. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyevga bugun neft va gaz sohasida belgilangan vazifalar ijrosining holati yuzasidan hisobot berildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, joriy yilning 30-yanvar kuni “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati faoliyati samaradorligini oshirish, uglevodorod zaxiralarini kengaytirish va tarmoqni zamonaviy texnologiyalar asosida rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilangandi. 23-fevral kuni esa ushbu topshiriqlarning dastlabki ijrosi ko‘rib chiqilib, qator qo‘shimcha topshiriqlar berilgan edi.
Bugungi taqdimotda mazkur chora-tadbirlarni amalga oshirish jarayoni yana bir bor tahlil qilindi.
Neft va gaz sohasida geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish, yangi konlarni aniqlash, mavjud quduqlar samaradorligini oshirish va qazib chiqarish hajmini barqarorlashtirishga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Bu borada soha rahbarlarining joriy yil boshidan 3D seysmik qidiruv ishlari 471 kvadrat kilometr hajmda amalga oshirgani, 11 ta yangi quduq ishga tushirilgani, 20 ta quduqda taʼmirlash ishlari bajarilgani va 5 ta texnologik tadbir amalga oshirilgani to‘g‘risidagi maʼlumoti ko‘rib chiqildi.
Shu bilan birga, sohada operatsion samaradorlikni oshirish, korxonalarning xarajatlarini maqbullashtirish va moliyaviy barqarorligini mustahkamlash bo‘yicha ishlarga alohida eʼtibor qaratildi.
Davlatimiz rahbari belgilangan vazifalar va rejalashtirilgan chora-tadbirlar ijrosini aniq hisob-kitob va qatʼiy intizom asosida taʼminlashni davom ettirish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi