O‘zbekiston va Ozarbayjon Prezidentlari telefon orqali muloqot qildilar
Mart 05, 2026. 22:35 • 2 daq
• 135
TOShKYENT, 5-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan telefon orqali muloqot qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, suhbat avvalida O‘zbekiston yetakchisi Ozarbayjon hududiga uchuvchisiz uchish apparatlari bilan uyushtirilgan hujumlarni keskin qoralab, jarohat olganlarning tez fursatda sog‘ayib ketishini tiladi.
Co‘nggi kunlarda Yaqin Sharq mintaqasida kuzatilayotgan keskinlikning avj olishi ko‘plab tinch aholining qurbon bo‘lishiga olib kelayotgani va jiddiy xavotir uyg‘otayotgani alohida qayd etildi.
Muborak Ramazon oyida ro‘y berayotgan bunday voqealar umuminsoniy qadriyatlarga, xalqaro normalar va davlatlarning hududiy yaxlitligi tamoyillariga zid ekani ta’kidlandi.
O‘zbekiston yetakchisi fuqarolarimizni Erondan Ozarbayjon hududi orqali xavfsiz evakuatsiya qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar va yaratilayotgan sharoitlar uchun Ilhom Aliyevga minnatdorlik bildirdi.
Ozarbayjon Prezidenti, o‘z navbatida, davlatimiz rahbariga do‘stona suhbat va sinovli damlarda ko‘rsatilgan qo‘llab-quvvatlov uchun alohida tashakkur izhor etdi.
Surat O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati arxividan olindi
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi