O‘zbekiston Prezidenti kasbiy ta’limda xususiy sektor ishtirokini kengaytirish choralarini ko‘rib chiqdi

Iyun 22, 2026. 15:35 • 3 daq

27
O‘zbekiston Prezidenti kasbiy ta’limda xususiy sektor ishtirokini kengaytirish choralarini ko‘rib chiqdi

TOSHKЕNT, 22-iyun. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun xususiy kasbiy ta’limni rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatimizda iqtisodiyot tarmoqlari uchun zamonaviy kasb va ko‘nikmalarga ega mutaxassislar tayyorlash, aholini mehnat bozori talablariga mos kasblarga o‘qitish bandlikni ta’minlash va daromadlarni oshirishning muhim omili hisoblanadi.

Shu bois, keyingi yillarda kasbiy ta’lim tizimini isloh qilish, o‘quv dasturlarini ish beruvchilar ehtiyojiga moslashtirish, xususiy sektor ishtirokini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Taqdimotda kasbiy ta’lim xizmatlarini ko‘rsatishda xususiy sektorning imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha yangi choralar muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, kelgusi uch yilda xususiy sektor ulushini oshirish orqali xalqaro standartlar asosida ochilgan o‘quv va baholash markazlarining sonini hozirgi 50 tadan 200 taga yetkazish, xususiy kasbiy ta’lim bilan har yili 500 ming nafar aholini qamrab olish maqsad qilingan. Ayni paytda bu ko‘rsatkich 45 ming nafarni tashkil etmoqda.

Buning uchun 300 dan ortiq o‘quv dasturlari qayta ko‘rib chiqilib, xalqaro talablarga moslashtiriladi. Kamida 1 ming nafar o‘qituvchi va ta’lim ustalarining malakasi oshiriladi. Ushbu dasturlarni moliyalashtirish uchun Bandlik jamg‘armasidan 500 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

Taqdimotda tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar davomida bildirilgan taklif va muammolar ham ko‘rib chiqildi. Muloqotlarda tadbirkorlar tomonidan xususiy kasbiy ta’lim markazlari uchun bojxona boji va ijtimoiy soliq bo‘yicha imtiyozlar, imtiyozli kreditlar, ayrim xarajatlarni kompensatsiya qilish, yangi qurilgan binolar uchun tashqi infratuzilmani budjet hisobidan barpo etish, yer uchastkalari qiymatini foizsiz bo‘lib to‘lash, bo‘sh bino va maydonlardan foydalanish imkoniyatlarini yaratish masalalari ko‘tarilgan.

Shu munosabat bilan xususiy kasbiy ta’lim tashkilotlari uchun zarur asbob-uskuna va jihozlarni bojxona bojidan ozod qilish, xorijiy o‘qituvchilar, mutaxassis va ustalar uchun ijtimoiy soliq stavkasini 1 foiz etib belgilash taklif qilindi.

Shuningdek, 2 yillik imtiyozli davr bilan 7 yilgacha imtiyozli kreditlar ajratiladi. Bino qurilishi va ta’miri, zarur uskunalarni xarid qilish uchun olingan kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarining 7 foizi qoplab beriladi.

Xorijiy mutaxassislar va malakali o‘qituvchilarni jalb qilish xarajatlarining 50 foizi kompensatsiya qilinadi. Kasbiy malakani baholash uskunalari va dasturiy mahsulotlar xarajatlarining 30 foizi, xorijda tan olinadigan va milliy kasbiy malaka sertifikatlari xarajatlarining 50 foizi miqdorida kompensatsiya to‘lanadi.

Shu bilan birga, bunday imtiyoz va qo‘llab-quvvatlash choralaridan foydalangan tadbirkorlar qurilgan yoki ijaraga olingan binolarning kamida 60 foizida kasbiy tayyorgarlikni tashkil etishi va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazishi shart bo‘ladi.

Tadbirkorlarga sotilgan yer uchun to‘lovni 5 yilgacha foizsiz bo‘lib to‘lash, bo‘sh turgan davlat obyektlarini kamida 5 yilga ijaraga olish, texnikumlardagi bo‘sh binolardan bepul foydalanish imkoniyati beriladi.

Xususiy kasbiy ta’lim tashkilotlarini rivojlantirish uchun yil yakunigacha ularni jihozlash dasturiga 100 million dollar jalb qilinadi. Bitiruvchilar loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 5 million dollarlik “Venchur jamg‘armasi” tashkil etiladi. Shu yildan boshlab har yili “kasb vaucheri” dasturi uchun 20 milliard so‘m ajratib boriladi.

Taqdimotda xususiy kasbiy ta’lim tashkilotlari uyushmasini tashkil etish, uning faoliyatini moliyalashtirish hamda “Ko‘nikmalar parki” ekotizimini yaratish rejalari ham ko‘rib chiqildi. Soha muammolarini davlat idoralari bilan birgalikda tezkor hal qilish uchun doimiy ishlaydigan raqamli muloqot platformasini yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi.

Prezidentimiz taqdim etilgan choralarni ma’qullab, xususiy kasbiy ta’limni rivojlantirish, o‘quv dasturlarini xalqaro standartlarga moslashtirish, aholini talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitish va tadbirkorlar uchun yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanish yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish