O‘zbekiston Prezidenti Nukus shahridagi issiqlik taʼminoti tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha loyihani ko‘rib chiqdi

Iyul 28, 2026. 20:35 • 3 daq

18
O‘zbekiston Prezidenti Nukus shahridagi issiqlik taʼminoti tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha loyihani ko‘rib chiqdi

TOSHKENT, 28-iyul. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Nukus shahridagi qozonxonani kogeneratsiya texnologiyalari asosida modernizatsiya qilish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, kuz-qish mavsumida aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obyektlarini barqaror issiqlik bilan taʼminlash, tizimda energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish – muhim vazifa.

Bugungi kunda Nukus shahridagi 47 ta ko‘p qavatli uy markaziy isitish tizimiga ulangan, yana 270 ta uy lokal isitish tizimidan foydalanmoqda. Qolgan ko‘p qavatli uylardagi xonadonlar turli qo‘lbola isitish vositalari orqali isitilmoqda. Bunday vositalar ko‘p energiya sarflashi bilan birga odamlar salomatligi va hayoti uchun ham jiddiy xavf tug‘diradi.

Shahardagi mavjud markaziy qozonxona 1976-yilda qurilgan bo‘lib, hozirda asosan ijtimoiy soha obyektlariga xizmat ko‘rsatmoqda. Uning uskunalari maʼnan va jismonan eskirgan, energiya samaradorligi esa past.

Hozirgi qozonxonada 1 gigakaloriya issiqlik ishlab chiqarish uchun qariyb 153 kub metr tabiiy gaz va 30 kilovatt-soat elektr energiyasi sarflanmoqda. Uning amaldagi quvvati soatiga atigi 1,6 gigakaloriyani tashkil etadi.

Taqdimotda ushbu qozonxonani davlat-xususiy sheriklik asosida kogeneratsiya texnologiyalari bilan modernizatsiya qilish loyihasi ko‘rib chiqildi.

Kogeneratsiya texnologiyasi bitta yoqilg‘i manbaidan bir vaqtning o‘zida elektr va issiqlik energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi. Bu resurslardan samarali foydalanish, ishlab chiqarish xarajatlari va atrof-muhitga chiqariladigan zararli moddalarni kamaytirishga xizmat qiladi.

Loyiha doirasida soatiga 34,4 gigakaloriya issiqlik va 21,5 megavatt elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega zamonaviy majmua barpo etiladi.

Shuningdek, 28 kilometr issiqlik tarmog‘i tortilib, 189 ta individual issiqlik punkti o‘rnatiladi. Ko‘p qavatli uylar va ijtimoiy obyektlarning ichki isitish tizimlari tiklanadi, zarur gaz va elektr infratuzilmasi yangilanadi.

Birinchi bosqichda 136 ta ko‘p qavatli uydagi qariyb 6 ming xonadon, yaʼni 23 ming nafar aholi hamda 40 ta ijtimoiy soha obyekti markazlashgan issiqlik taʼminoti bilan qamrab olinadi. Keyingi bosqichlarda Nukus shahridagi barcha ko‘p qavatli uylar va ijtimoiy soha obyektlarini markazlashgan issiqlik tizimiga ulash ko‘zda tutilgan.

Loyihaning dastlabki bosqichiga 20 million dollardan ziyod to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb qilinib, majmuani 2028-yil fevral oyida to‘liq ishga tushirish rejalashtirilgan.

Modernizatsiya natijasida qozonxonaning foydali ish koeffitsiyenti 80 foizdan 91 foizga oshadi. Issiqlik ishlab chiqarish hajmi bir necha o‘n barobar ko‘payib, yiliga 172 ming megavatt-soatgacha elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.

Yiliga 12,2 million kub metr tabiiy gaz tejaladi, atmosferaga chiqariladigan zararli moddalar hajmi ham sezilarli qisqaradi.

Yangi majmuada 19 ta ish o‘rni yaratiladi. Soha xodimlarining zamonaviy texnologiyalardan foydalanish va uskunalarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha malakasi oshiriladi.

Davlatimiz rahbari loyihani amalga oshirishda, eng avvalo, aholi uchun barqaror, xavfsiz va sifatli issiqlik taʼminotini yaratish, qurilish ishlarini belgilangan muddatda va yuqori sifatda bajarish zarurligini taʼkidladi.

Loyiha ijrosini muvofiqlashtirish va barcha infratuzilma masalalarini o‘z vaqtida hal qilish bo‘yicha masʼullarga aniq vazifalar qo‘yildi.

Shuningdek, Nukus shahridagi mazkur tajriba asosida keyinchalik Buxoro, Samarqand, Urganch va Zarafshon shaharlaridagi qozonxonalarni ham kogeneratsiya va trigeneratsiya texnologiyalari asosida modernizatsiya qilish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish