Salvadorning O‘zbekistondagi yangi elchisi akkreditatsiyadan o‘tkazildi
Iyul 28, 2026. 19:00 • 59 soniya
• 58
TOSHKENT, 28-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bugun Salvadorning yurtimizdagi yangi elchisi Yuriy Pavel Santakrus Perdomoni qabul qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“El-Salvador Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor elchisi etib tayinlangan Yuriy Pavel Santakrus Perdomo janoblaridan ishonch yorliqlarini qabul qilishdan mamnunmiz, – deb yozdi O‘zbekiston TIV rahbari o‘zining telegram-kanalida. – Salvadorni Markaziy Amerikadagi istiqbolli sheriklarimizdan biri sifatida ko‘ramiz. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va boshqa sohalarda izchil kengaytirish tarafdorimiz.
Elchi janoblariga yangi vazifasida muvaffaqiyatlar tilab, o‘zaro munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish uchun birgalikda ishlashga tayyor ekanimizni bildirdik”.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Salvador o‘rtasida diplomatik aloqalar 2014-yil 3-dekabrda o‘rnatilgan. 59 yoshli Yuriy Pavel Santakrus Perdomo, shuningdek, qarorgohi Moskva shahrida bo‘lgan holda, Salvadorning Rossiya, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistondagi elchisi ham hisoblanadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi