O‘zbekiston Prezidenti Saudiya Arabistoni delegatsiyasini qabul qildi
Iyul 28, 2026. 19:22 • 2 daq
• 12
TOSHKENT, 28-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Saudiya Arabistoni Podshohligi sog‘liqni saqlash vaziri Fahad bin Abdulrahmon al-Jalajil boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, uchrashuv avvalida oliy martabali mehmon O‘zbekiston yetakchisiga Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud va Valiahd, Bosh vazir Muhammad bin Salmon Ol Saudning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
So‘nggi yillarda hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Ayniqsa, “ACWA” kompaniyasi bilan yirik qo‘shma loyihalar amalga oshirilayotgani alohida taʼkidlandi.
Tashrif doirasida Saudiya Arabistonining yetakchi kompaniyalari rahbarlaridan iborat nufuzli delegatsiya bilan samarali muzokaralar o‘tkazilib, qator kelishuvlarga erishildi.
Muloqot davomida mamlakatimizda tibbiyot sohasini raqamlashtirish va modernizatsiya qilish, farmatsevtika tarmog‘ini tartibga solish, kadrlar tayyorlash, ko‘p tarmoqli shifoxona barpo etish masalalariga eʼtibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida yangi loyiha hamda tashabbuslarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish va qabul qilishga kelishib olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi