O‘zbekiston Prezidenti dron texnologiyalarini iqtisodiyot tarmoqlariga keng joriy etish masalalarini ko‘rib chiqdi

Noyabr 04, 2026. 21:28 • 3 daq

• 8
O‘zbekiston Prezidenti dron texnologiyalarini iqtisodiyot tarmoqlariga keng joriy etish masalalarini ko‘rib chiqdi

TOSHKЕNT, 4-noyabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun iqtisodiyot tarmoqlarida uchuvchisiz aviatsiya tizimlaridan foydalanishni kengaytirish va sohani tartibga solishga doir taqdimot bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda dunyoda uchuvchisiz aviatsiya texnologiyalari jadal rivojlanib, qishloq xo‘jaligi, sanoat, transport, shaharsozlik va xizmat ko‘rsatish kabi ko‘plab sohalarda keng qo‘llanilmoqda. Dronlardan foydalanish ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, xarajatlarni qisqartirish, resurslarni tejash va yangi ish o‘rinlarini yaratishda muhim omilga aylanmoqda.

Xususan, qishloq xo‘jaligida ekin maydonlarini kuzatish, ularga ishlov berish va hosildorlikni monitoring qilish, sanoatda ishlab chiqarish jarayonlari va infratuzilma obyektlarining holatini nazorat qilish, shaharlarda transport oqimini kuzatish va ko‘chalarda harakatni tashkil etishda ushbu texnologiyalardan foydalanish katta imkoniyatlar ochadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, global dron bozori yiliga 10-15 foiz sur’at bilan o‘sib bormoqda. Ushbu texnologiyalarni iqtisodiyot tarmoqlariga keng joriy etish mamlakatimizda ham iqtisodiy o‘sishni jadallashtirish, yuqori malakali mutaxassislarga talabni oshirish va yangi texnologik yo‘nalishlarni rivojlantirishga xizmat qilishi mumkin.

Shu munosabat bilan taqdimotda O‘zbekistonda uchuvchisiz aviatsiya tizimlaridan fuqarolik maqsadlarida foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, sohada tadbirkorlik va investitsiya faoliyati uchun qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan takliflar ko‘rib chiqildi.

Shu bilan birga, uchuvchisiz aviatsiyadan foydalanishni kengaytirish parvozlar xavfsizligi va fuqarolarning shaxsiy hayoti daxlsizligini ta’minlaydigan zamonaviy tartibga solish mexanizmlarini ishlab chiqishni talab etadi.

Bugungi kunda dronlardan foydalanishning yagona qoidalari, ularni hisobga olish va parvozlarni muvofiqlashtirish, yetkazilgan zararni qoplash hamda sug‘urtalash mexanizmlarini takomillashtirish zarurati mavjud.

Shu maqsadda uchuvchisiz aviatsiya vositalari haqidagi ma’lumotlarni birlashtiruvchi yagona raqamli axborot tizimini shakllantirish, parvoz hududlarini aniq belgilash va ulardan foydalanish tartiblarini joriy etish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Taqdimotda ushbu yangi yo‘nalish uchun malakali kadrlar tayyorlash va innovatsion ekotizimni rivojlantirish masalalariga ham e’tibor qaratildi.

Xususan, kelgusi o‘quv yilidan Transport universitetida uchuvchisiz aviatsiya tizimlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish, ta’limni amaliy mashg‘ulotlar bilan uyg‘unlashtirish, yoshlarning zamonaviy aviatsiya texnologiyalariga qiziqishini qo‘llab-quvvatlash rejalashtirilmoqda.

Davlatimiz rahbari tomonidan mutasaddilarga ilg‘or xorijiy tajriba asosida uchuvchisiz aviatsiya tizimlarini iqtisodiyot tarmoqlariga keng joriy etish, mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish, tadbirkorlar uchun qulay sharoitlar yaratish yuzasidan qonunchilikni takomillashtirishga doir takliflar tayyorlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish