O‘zbekiston Prezidenti raisligida farmatsevtika tarmog‘ida ishlab chiqarishni oshirish va texnologiyalar transferini jadallashtirish masalalari muhokama qilindi
Mart 05, 2026. 19:05 • 6 daq
• 115
TOSHKENT, 5-mart. /“Dunyo” AA/. Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida farmatsevtika tarmog‘ida ishlab chiqarishni kengaytirish hamda sohaga ilg‘or texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, O‘zbekiston yetakchisi farmatsevtika inson salomatligi, aholi hayot sifati va mamlakatning iqtisodiy xavfsizligi bilan bevosita bogʻliq strategik soha ekanini taʼkidladi.
Soʻnggi yillarda sohani rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratilgani qayd etildi. Jumladan, oʻtgan toʻqqiz yilda tarmoqqa 1 milliard 800 million dollar investitsiya kiritilib, 140 ta yangi ishlab chiqarish quvvati ishga tushirildi. Bugungi kunda mamlakatimizda 300 dan ortiq farmatsevtika korxonasi faoliyat yuritmoqda, ularning 58 tasi toʻgʻridan-toʻgʻri dori vositalari ishlab chiqaradi.
Natijada farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi 3,5 barobar oʻsib, 7 trillion 300 milliard soʻmdan oshdi. Mahalliy dori vositalarini ishlab chiqarish esa 2 karra koʻpaydi. Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan farmatsevtika mahsulotlari 55 ta davlat bozoriga yetkazilmoqda. Tarmoqdagi ish oʻrinlarining soni esa 40 mingdan oshdi.
Umuman olganda, mamlakatimizda dori vositalari va tibbiy buyumlar bozori hajmi qariyb 2,5 milliard dollarga yetgan.
Mutasaddilar oldiga joriy yilda farmatsevtika sohasiga kamida 1 milliard dollar investitsiya jalb qilish, sifatni oshirish va xorijiy farmatsevtika kompaniyalari bilan hamkorlikda yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish orqali ichki iste’moldagi mahalliy dorilar ulushini 2030-yilgacha 70 foizga yetkazish ichki bozorda mahalliy dori vositalari ulushini 2030-yilgacha 70 foizga yetkazish hamda kelgusi besh yilda eksport hajmini 1 milliard dollarga olib chiqish vazifalari qoʻyildi.
Respublikada 136 gektar maydonda 5 ta farmatsevtika sanoat zonasi tashkil etilgan boʻlib, ular uchun barcha zarur infratuzilma yaratilgan. Biroq ayrim hududlarda ushbu imkoniyatlardan samarali foydalanilmayotgani qayd etildi.
Jumladan, 25 gektar maydonni egallagan Jizzax farmatsevtika zonasida oʻtgan yili bir soʻmlik ham mahsulot ishlab chiqarilmagan. Boʻstonliq tumanidagi 14 gektar yer maydoni esa 2017-yildan beri boʻsh turibdi. Shuningdek, oʻtgan yili Jizzax va Samarqand viloyatlarida birorta ham farmatsevtika loyihasi ishga tushirilmagani, Buxoro va Xorazmda esa investitsiya loyihalari juda kamligi tanqid qilindi.
Yigʻilishda farmatsevtika sohasi tadbirkorlari tomonidan bildirilgan takliflar ham koʻrib chiqildi. Xususan, farmatsevtika zonalari mavjud boʻlmagan hududlardagi korxonalarga ham mazkur zonalar uchun belgilangan soliq imtiyozlarini qoʻllash masalasi koʻtarildi.
Prezidentimiz mazkur taklifni qoʻllab-quvvatladi va farmatsevtika korxonalari uchun qator yangi imkoniyatlarni eʼlon qildi.
Jumladan, joriy yil 1-apreldan boshlab farmatsevtika vositalarini ishlab chiqarish, dorivor oʻsimliklarni yetishtirish va qayta ishlash boʻyicha yangi loyihalar uch yil muddatga yer soligʻidan ozod etiladi. Loyiha ishga tushganidan keyin uch yil davomida foyda va mol-mulk soligʻi ham undirilmaydi.
Shuningdek, biologik faol qoʻshimchalar va kosmetika vositalari ishlab chiqaruvchilar uchun xomashyo, uskuna va butlovchi qismlar importi bojlardan ozod qilinadi. Farmatsevtika korxonalariga oʻzining liniyasida biologik faol qoʻshimchalar ishlab chiqarishga ruxsat beriladi.
Endilikda har yili 1-iyulga qadar mahalliylashtirish maqsadga muvofiq boʻlgan dori vositalari va tibbiy buyumlar roʻyxati tadbirkorlarga eʼlon qilib boriladi. Ushbu roʻyxatdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish boʻyicha loyihalar uchun tadbirkorlarga xorijiy valyutada 7 foizli kreditlar ajratiladi.
Mavjud mahsulotlar boʻyicha mahalliylashtirishni chuqurlashtirishni rejalashtirgan korxonalarga Sanoat kooperatsiyasi jamgʻarmasidan 10 yilgacha muddatga xorijiy valyutada 6 foizli, milliy valyutada esa 12 foizli kreditlar taqdim etiladi.
Yigʻilishda xorijiy farmatsevtika kompaniyalarini mamlakatimizga jalb qilish, ular bilan texnologiyalar transferini yoʻlga qoʻyish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi.
Import qilinayotgan dori vositalarining qariyb yarmi 34 ta xorijiy ishlab chiqaruvchi hissasiga toʻgʻri keladi. Shu munosabat bilan ularning ishlab chiqarishini Oʻzbekistonda tashkil etishni ragʻbatlantirish zarurligi taʼkidlandi.
Import bilan shugʻullanuvchi yirik korxonalarga ham ijtimoiy masʼuliyatni kuchaytirib, brendli dori vositalarini mamlakatimizda ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha tashabbus koʻrsatish tavsiya etildi.
Bu jarayonni ragʻbatlantirish maqsadida korxonalar brendlardan foydalanish uchun toʻlaydigan royaltidan soliq 20 foizdan 5 foizga tushiriladi.
Original dori vositasi yaratilganidan 20-25 yil oʻtgach, boshqa farmatsevtika korxonalari ham uni ishlab chiqarish huquqiga ega boʻladi. Bunday dori vositalarini oʻzlashtirish ichki bozorda narxlarni bir necha barobar arzonlashtirish imkonini beradi.
Shu munosabat bilan talab yuqori boʻlgan bunday preparatlarni bir yil ichida oʻzlashtirgan korxonalarga texnologiya transferi xarajatlarining yarmi Farmatsevtika jamgʻarmasi hisobidan qoplab beriladi.
Shuningdek, eng koʻp import qilinayotgan 100 turdagi dori vositalarini ishlab chiqarishni kengaytirish maqsadida “Toshkent farma park” hududi yana 100 gektarga kengaytiriladi.
Yigʻilishda farmatsevtika mahsulotlari eksporti masalalari ham koʻrib chiqildi. Bugungi kunda tarmoq eksporti 220 million dollarga yetgan boʻlsa-da, uning atigi 14 million dollari dori vositalari hissasiga toʻgʻri keladi.
Shu munosabat bilan korxonalarni xalqaro standartlarga moslashtirish muhimligi taʼkidlandi. Hozirda 58 ta dori ishlab chiqaruvchi korxona milliy GMP sertifikatiga ega. Endi ularni Yevropa GMP standartlariga moslashtirish zarurligi qayd etildi.
1-iyundan boshlab mahalliy korxonalarning YevroGMP sertifikatini olish xarajatlarining 50 foizi Savdoga koʻmaklashish jamgʻarmasi hisobidan qoplab beriladi.
Yigʻilishda davlat xaridlari tizimida mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishtirokini kengaytirish masalalari ham koʻrib chiqildi. Qayd etilishicha, mahalliylashtirish darajasi 30 foizga yetmagani sababli ayrim korxonalar davlat korxonalariga mahsulot sotish imkoniyatiga ega emas.
Shu munosabat bilan 1-sentabrgacha mahalliy mahsulot sertifikatiga ega tadbirkorlarga mahalliylashtirish darajasidan qatʼi nazar, davlat xaridlarida ishtirok etishga ruxsat berilishi belgilandi.
Qayd etilishicha, oʻtgan yili mamlakatimizda 57 mingdan ortiq nomdagi roʻyxatdan oʻtmagan va kontrafakt dori vositalari aniqlangan.
Shu bois, dorilarning noqonuniy savdosiga qarshi kurashni kuchaytirish, sifati shubhali mahsulotlar aylanmasi uchun javobgarlikni keskin kuchaytirish boʻyicha qonun loyihasini ishlab chiqish muhimligi taʼkidlandi.
Yigʻilishda sohada ilm-fan va ishlab chiqarish oʻrtasidagi uzilishni bartaraf etish masalasi ham koʻtarildi.
Bugungi kunda farmatsevtika sohasidagi 6 ta ilmiy-tadqiqot institutida 300 dan ortiq olim faoliyat yuritmoqda, oliy taʼlim muassasalari esa har yili qariyb 1 ming nafar mutaxassis tayyorlaydi. Biroq ilmiy ishlanmalarni sanoatga joriy etish yetarli darajada yoʻlga qoʻyilmagan.
Shu munosabat bilan kimyo-farmatsevtika, vaksina va zardoblar hamda sharq tabobati institutlari negizida Milliy biofarmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi. U “Toshkent farma park” hududida joylashtirilib, ilmiy tadqiqotlarni bevosita ishlab chiqarish bilan integratsiya qilish imkoniyati yaratiladi.
Park hududida klinikoldi tadqiqotlar laboratoriyasi, biologik va kimyoviy tadqiqotlar markazlari hamda 250 oʻrinli xalqaro klinik tadqiqotlar markazi tashkil etiladi.
Shuningdek, Toshkent farmatsevtika instituti va Farmatsevtika texnika universiteti professor-oʻqituvchilari oʻz ilmiy faoliyatini farmapark hududida olib boradi. Talabalar esa korxonalarda dual taʼlim asosida oʻqib, ishlash imkoniyatiga ega boʻladi.
Yangi dori vositalarini ishlab chiqarishga jalb qilingan olimlar ishtirokidagi loyihalar uchun korxonalarning 100 ming dollargacha xarajatlari qoplab beriladi. Mahalliy olimlar yaratgan yangi preparatlarni ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻygan korxonalarga esa ularni roʻyxatdan oʻtkazish va klinik sinovlar uchun 100 million soʻmgacha subsidiya ajratiladi.
Yigʻilishda farmatsevtika korxonalari vakillarining takliflari va tashabbuslari eshitildi, mutasaddilarning hisobotlari tinglandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi