O‘zbekiston Prezidenti Rossiya Hukumati Raisini qabul qildi
Iyun 16, 2026. 20:19 • 2 daq
• 40
TOSHKENT, 16-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Rossiya Hukumati Raisi Mixail Mishustinni qabul qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuv avvalida Mixail Mishustin O‘zbekiston yetakchisiga Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
O‘zbekiston – Rossiya strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Tovar ayirboshlash barqaror o‘sib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Joriy yil boshidan buyon uning hajmi 20 foizga oshdi. Energetika, metallurgiya va iqtisodiyotning boshqa ustuvor tarmoqlarida yirik loyihalarni amalga oshirish davom etmoqda.
Savdo-iqtisodiy hamkorlikning rivojlanish sur’atini saqlab qolishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni qabul qilish hamda sanoat kooperatsiyasi loyihalarini qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston yetakchisi hududlar darajasidagi amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish hamda madaniy va ta’lim almashinuvi dasturlarini ilgari surish muhimligini ta’kidladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi