O‘zbekiston Prezidentiga madaniyat va sanʼat sohasidagi ustuvor loyihalar taqdimot qilindi

Iyul 17, 2026. 18:40 • 5 daq

4
O‘zbekiston Prezidentiga madaniyat va sanʼat sohasidagi ustuvor loyihalar taqdimot qilindi

TOSHKENT, 17-iyul. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun madaniyat va sanʼatni rivojlantirish, milliy merosimizni asrab-avaylash hamda xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilishga qaratilgan loyiha va tadbirlar taqdimoti bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, dastlab nufuzli xorijiy muzey va ko‘rgazma maydonlarida O‘zbekistonning arxeologik va ilmiy merosi, shuningdek, amaliy sanʼat asarlarini namoyish etish bo‘yicha rejalar ko‘rib chiqildi.

Jumladan, 2026-yil sentyabr oyida Dohadagi Islom sanʼati muzeyida “Uzbekistan: Heritage in Motion” ko‘rgazmasini, noyabr oyida esa Milandagi Prada fondida O‘zbekistonning noyob eksponatlari ishtirokida “Global Antiquity” xalqaro arxeologiya ko‘rgazmasini tashkil etish rejalashtirilgan. 2027 yilda Venetsiyadagi Palasso Grimani va Yaponiyaning Nara milliy muzeyida yurtimizning bronza davridan ilk o‘rta asrlargacha bo‘lgan tarixini aks ettiruvchi 200 dan ziyod arxeologik topilmalar namoyish etiladi. Milandagi Palasso Realeda oltin kashtachilik, so‘zana, ikat, zargarlik buyumlari va amaliy sanʼat asarlaridan iborat 150 dan ortiq eksponat taqdim etiladi.

Florensiyada Abu Ali ibn Sinoning hayoti va ilmiy merosiga bag‘ishlangan ko‘rgazma o‘tkazish, shuningdek, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Saudiya Arabistoni va boshqa davlatlardagi yetakchi madaniy muassasalar bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish rejalari bayon qilindi.

Madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Romanovlar saroyida O‘zbekiston davlat sanʼat muzeyi filialini tashkil etish ko‘zda tutilgan. Bunda majmuaning tarixiy qiyofasi saqlab qolinib, 300 ga yaqin eksponatdan iborat doimiy ekspozitsiya shakllantiriladi.

Muxtor Ashrafiy uy-muzeyida binoning fasadi va tarixiy interyerlari restavratsiya qilinib, ekspozitsiya yangilanmoqda. Muzey zamonaviy muhandislik tizimlari, xavfsizlik va iqlim nazorati vositalari, multimedia uskunalari, shuningdek, ovoz yozish studiyasi bilan jihozlanadi.

Taqdimotda “Tamerlano” operasini jahonning nufuzli sahnalarida namoyish etish natijalari va kelgusi rejalar ko‘rib chiqildi.

Joriy yilda ushbu asar Dubay operasi, Venadagi “Muzikferayn”, Sankt-Peterburgdagi Mariinskiy teatri hamda Versal saroyi Qirollik operasi sahnalarida namoyish etildi. Stefano Poda sahnalashtirgan operada Georg Fridrix Gendel musiqasi Kirill Rixter talqinida, o‘zbek milliy cholg‘u asboblaridan foydalanilgan holda ijro etildi. Loyihada O‘zbekiston Milliy simfonik orkestri, xor, xalq cholg‘ulari orkestri va taniqli solistlar ishtirok etdi.

2027-yil mart oyida “Tamerlano” operasini Nyu-Yorkdagi mashhur “Karnegi-xoll” konsert zali sahnasida namoyish etish rejalashtirilgan. Bu o‘zbek opera sanʼati va milliy ijrochilik maktabining yuksak salohiyatini xorijiy auditoriyaga keng namoyish etish imkonini beradi.

Yirik konsertlar, festivallar, tanlov va ko‘rgazmalarni tashkil etishning yagona tizimini shakllantirish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Madaniyat vazirligi huzuridagi “Xalqaro festivallar direksiyasi” davlat muassasasi negizida Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamg‘armasi huzurida Madaniy loyihalar milliy operatorini tashkil etish taklif qilindi.

Milliy operator yirik xalqaro tadbirlarni tashkil etish va ularni xorijda targ‘ib qilish, taniqli ijrochilar ishtirokidagi konsertlarga buyurtmachi sifatida ish olib borish, shuningdek, “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalini tayyorlash uchun masʼul bo‘ladi.

Joriy yil 8-iyun kuni Samarqanddagi Registon maydonida mashhur xonanda Jon Lejendning konserti o‘tkazildi. Avgust oyida Pekindagi Buyuk Xitoy devorida, sentyabr oyida esa Registon maydonida taniqli pianinochi Lang Langning konsertlarini o‘tkazish rejalashtirilgan. Oktyabr oyida Toshkentdagi “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida bastakor Maks Rixterning konserti bo‘lib o‘tadi.

Joriy yilda Venetsiya va Milan shaharlarida o‘tkazilayotgan yirik xalqaro madaniy tadbirlarda O‘zbekistonning ishtiroki natijalari ham taqdim etildi.

Venetsiyadagi 61-xalqaro sanʼat biyennalesida O‘zbekiston “The Aural Sea” loyihasi bilan milliy pavilyonda ishtirok etmoqda. Loyiha Orol dengizi va Qoraqalpog‘iston mavzusini xotira, afsona va hikoyalar orqali ochib beradi. Pavilyonga hozirga qadar 60 mingdan ziyod kishi tashrif buyurgan. Loyihaga bag‘ishlangan materiallarning umumiy media qamrovi 145 milliondan oshgan.

Biyennale doirasida Palasso Kavalli-Frankettida o‘zbekistonlik rassom Vyacheslav Axunovning “Instruments of the Mind” shaxsiy ko‘rgazmasi ham tashkil etildi. Unda rassomning 1970-yillardan bugungi kunga qadar yaratilgan 200 dan ortiq asari namoyish etilmoqda. Ko‘rgazmaga 30 dan ziyod mamlakatdan 12 mingdan ortiq kishi tashrif buyurgan.

“Milan Design Week 2026” doirasida tashkil etilgan “O‘rik gullaganda” milliy pavilyonida 12 nafar xalqaro dizayner hamda O‘zbekiston va Qoraqalpog‘istondan 12 nafar hunarmandning hamkorlikdagi ishlari namoyish qilindi. O‘zbekiston pavilyoni “Fuorisalone Award 2026” mukofoti hakamlar hayʼatining maxsus eʼtirofiga sazovor bo‘ldi. Uni 18 mingdan ziyod kishi ko‘rdi, loyihaning xalqaro axborot qamrovi 171 millionga yetdi.

Shuningdek, Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamg‘armasining 2026-2027-yillarga mo‘ljallangan tadbir va loyihalari muhokama qilindi.

11-13-sentyabr kunlari Nukus shahrida Orol madaniyati sammiti o‘tkaziladi. Madaniyat, ilm-fan, meʼmorlik, dizayn va ekologiya sohalari vakillari Orolbo‘yini barqaror rivojlantirish masalalarini muhokama qiladi. 2027 yil yanvar oyida “Aral School” xalqaro dasturining Orol dengizi havzasi iqlimi va landshaftiga bag‘ishlangan yangi mavsumi boshlanadi.

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri repertuarini yangilash doirasida Jakomo Puchchinining “Turandot” operasi va Pyotr Chaykovskiyning “Shelkunchik” baletini yangicha talqinda sahnalashtirish rejalari ko‘rib chiqildi. Loyihalarni amalga oshirishga yetakchi mahalliy va xorijiy rejissyorlar, dirijyorlar, xoreograflar va sahnalashtirish bo‘yicha mutaxassislarni jalb etish rejalashtirilgan.

2027-yilgi Buxoro biyennalesi doirasida madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish, tarixiy hududlar va jamoat makonlarini obodonlashtirish, shuningdek, ko‘rgazma maydonlarini tayyorlash rejalashtirilgan. Biyennalega 50 dan ziyod xorijiy rassom va dizayner hamda mamlakatimiz kreativ industriyalarining 300 dan ortiq vakili jalb etiladi.

Bundan tashqari, “Milan Design Week” va “Art Basel” tadbirlarida ishtirok etish, “Art for Tomorrow” xalqaro anjumanini o‘tkazish, Qatar muzeylari bilan hunarmandchilik va dizayn sohasida hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, Buxoroda badiiy rezidensiya va xalqaro zargarlik maktabini tashkil etish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari loyihalarni puxta tayyorlash, restavratsiya ishlari sifatini qatʼiy nazorat qilish, milliy mazmunni zamonaviy yondashuvlar bilan uyg‘unlashtirish hamda xalqaro madaniy hamkorlikning amaliy natijadorligini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish