Rossiyada og‘ir ahvolga tushgan o‘zbekistonlik ayol uch nafar farzandi bilan vatanga qaytarildi

Iyul 17, 2026. 17:30 • 2 daq

110
Rossiyada og‘ir ahvolga tushgan o‘zbekistonlik ayol uch nafar farzandi bilan vatanga qaytarildi

MOSKVA, 17-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi tomonidan og‘ir ahvolga tushib qolgan yurtdoshimizga uch nafar voyaga yetmagan farzandi bilan Vatanga qaytishida yordam ko‘rsatildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Qayd etilishicha, elchixonaning konsullik bo‘limiga O‘zbekiston fuqarosi A.S. tomonidan murojaat kelib tushgan. U o‘z murojaatida 15 yildan ortiq vaqt davomida Rossiya hududida qonuniy maqomsiz yashab kelgani, hujjatlar hamda moliyaviy imkoniyatlarining mavjud emasligi sababli farzandlari uchun munosib shart-sharoit yarata olmayotganini bildirib, O‘zbekistonga qaytishda amaliy yordam so‘ragan.

Konsullik bo‘limi xodimlarining tezkor saʼy-harakatlari natijasida Rossiyaning tegishli davlat idoralari bilan hamkorlikda ayolning uch nafar farzandiga tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalar va konsullik yig‘imlari undirilmagan holda qaytish guvohnomalari rasmiylashtirib berilgan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Migratsiya agentligining Rossiyadagi vakolatxonasi ko‘magida ayol va uning farzandlari uchun “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining Moskva – Urganch yo‘nalishi bo‘yicha aviachiptalar xarid qilinib, ularning vatanga xavfsiz qaytishi taʼminlangan.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish