AQSh Kongressiga oraliq saylovlar Vashingtondagi siyosiy muvozanatni o‘zgartirishi mumkin

Noyabr 02, 2026. 18:00 • 2 daq

• 7
AQSh Kongressiga oraliq saylovlar Vashingtondagi siyosiy muvozanatni o‘zgartirishi mumkin

VASHINGTON, 2-noyabr. /“Dunyo” AA/. 3-noyabr kuni AQShda Kongressga oraliq saylovlar o‘tkazilib, unda amerikaliklar Vakillar palatasining barcha 435 nafar a’zosi va 35 nafar senatorni saylaydi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Saylovlar Respublikachilar partiyasi qonun chiqaruvchi organdagi ko‘pchilik o‘rinni saqlab qolish-qolmasligini belgilab beradi. Ovoz berish natijalari Prezident Donald Trampning o‘z siyosatini yuritish imkoniyatlariga ta’sir ko‘rsatadi.

Agar respublikachilar hech bo‘lmaganda bitta palatada ustunlikni boy bersa, demokratlar uchun Oq uy tashabbuslarini to‘xtatib qo‘yish va ma’muriyat faoliyatini nazorat qilish osonroq kechadi.

Respublikachilar Donald Trampning iqtisodiy siyosati, soliqlarni kamaytirish, jinoyatchilikka qarshi kurashish va migratsiya nazoratini kuchaytirishga tayanmoqda. Tashqi siyosat masalalarida partiya AQSh milliy manfaatlarining ustuvorligi hamda xalqaro xarajatlarni qat’iyroq nazorat qilish tarafdori.

Demokratlar esa asosiy e’tiborni yashash xarajatlarini kamaytirish, uy-joy va tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini oshirish, fuqarolik huquqlarini himoya qilish hamda prezident ma’muriyati ustidan parlament nazoratini kuchaytirishga qaratgan. Shuningdek, ular Ukraina, Isroil va Tayvanga harbiy yordam ko‘rsatishni davom ettirishni yoqlamoqda.

Vakillar palatasi uchun asosiy kurash Virjiniya, Pensilvaniya, Nyu-York, Texas, Ogayo va Michigan shtatlaridagi raqobat kuchli bo‘lgan okruglarda kechishi kutilmoqda. Senatga saylovlarda 1988-yildan buyon demokratlar g‘alaba qozona olmay kelayotgan Texas shtati alohida e’tiborni tortmoqda.

Ko‘pchilik o‘rinni saqlab qolish respublikachilarga Donald Tramp dasturini amalga oshirishni davom ettirish imkonini beradi. Agar bir yoki ikkala palata ustidan nazorat demokratlar qo‘liga o‘tsa, prezident qonunlarni qabul qilish hamda ichki va tashqi siyosiy tashabbuslarni ro‘yobga chiqarishda yanada jiddiyroq qarshilikka duch keladi.

Shu tariqa, oraliq saylovlar amerikaliklarning amaldagi ma’muriyat siyosatiga bo‘lgan munosabatining muhim ko‘rsatkichiga aylanadi va 2028-yilda bo‘lib o‘tadigan navbatdagi prezidentlik saylovlariga qadar Vashingtondagi kuchlar nisbatini belgilab beradi.

“AP” agentligi surati

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish