O‘zbekiston va Hindiston qonun chiqaruvchi organlari hamkorlikni kengaytirmoqda
Noyabr 02, 2026. 17:00 • 2 daq
• 268DЕHLI, 2-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Oliy Majlisi delegatsiyasi Dehli shahrida bo‘lib o‘tgan BRIKS Parlament forumining 12-yalpi majlisida ishtirok etdi hamda Hindiston parlamenti vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Forum kun tartibidan institutsional barqarorlikni mustahkamlash, parlamentlararo hamkorlikni chuqurlashtirish hamda barqaror va inklyuziv taraqqiyotni ilgari surish masalalari o‘rin oldi.
Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Orzigul Qozixonova hamda Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi raisi Gulruh Agzamova yalpi majlislarda so‘zga chiqdilar. Ularning ma’ruzalari farovon kelajakni ta’minlashda parlamentlarning roli, shuningdek, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish mavzulariga bag‘ishlandi.
Tashrif doirasida o‘zbek delegatsiyasi Hindiston parlamenti quyi palatasi (Lok Sabxa) spikeri Om Birla va O‘zbekiston bilan parlamentlararo do‘stlik guruhi rahbari Ganesh Singx bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi.
Tomonlar parlamentlararo muloqotning bugungi holati va istiqbollarini, shuningdek, qonun chiqaruvchi organlar o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qildilar. Siyosiy aloqalarni mustahkamlash va oliy darajadagi kelishuvlarni hayotga tatbiq etish vositasi sifatida parlament diplomatiyasiga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuvlar yakunida parlamentlararo do‘stlik guruhlari faoliyatini jadallashtirish, ularning o‘zaro tashriflarini tashkil etish, shuningdek, hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilab, qo‘shma tadbirlar rejasini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Xususan, Ganesh Singx Hindiston parlamenti delegatsiyasiga boshchilik qilib, O‘zbekistonga tashrif buyurishga tayyorligini bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi





