Chansha shahrida Buxoro viloyati va Xitoyning Xunan provinsiyasi biznes-forumi o‘tkaziladi

91
Chansha shahrida Buxoro viloyati va Xitoyning Xunan provinsiyasi biznes-forumi o‘tkaziladi

CHANSHA, 11-may /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Guanchjoudagi Bosh konsulxonasi tomonidan Xitoyning Xunan provinsiyasi tashqi ishlar va tijorat departamentlari hamda xalqaro savdoni rag‘batlantirish qo‘mitasi rahbariyati bilan uchrashuvlar tashkil etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muzokaralar davomida iqtisodiy diplomatiyani faol targ‘ib qilish, hududlar o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirish va o‘zaro almashinuvlarni yanada samarali tashkil etish muhimligi ta’kidlandi.

Xususan, Buxoro viloyati delegatsiyasining Xunan provinsiyasiga bo‘lajak tashrifi doirasida Chansha shahrida mahalliy kompaniyalar ishtirokida “Buxoro viloyati – Xunan provinsiyasi: iqtisodiy hamkorlik istiqbollari” mavzusida yirik biznes-forum, shuningdek G2B va B2B formatida uchrashuvlarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Shu bilan birga, provinsiyadagi “International Youth Entrepreneurship” va “Changsha Medical Devices Industry” uyushmalari bilan hamkorlikda 20 dan ortiq kompaniya ishtirokida “O‘zbekistonning savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy imkoniyatlari” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Tadbirda ishtirokchilarga mamlakatimizda yaratilgan qulay va xavfsiz biznes muhiti, hududlarning iqtisodiy salohiyati, sanoat tarmoqlarining investitsiyaviy jozibadorligi hamda erkin iqtisodiy zonalarda investorlar uchun taqdim etilayotgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Uchrashuvlar yakunida xitoylik tadbirkorlar O‘zbekiston delegatsiyalarining Xunan provinsiyasiga tashriflari doirasida muzokaralar o‘tkazish va o‘zaro manfaatli qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirdi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish