Donald Tramp Eronning urushni to‘xtatish bo‘yicha AQSH taklifiga bergan javobini “mutlaqo nomaqbul” deb baholadi
May 11, 2026. 14:00 • 2 daq
• 72
VASHINGTON–TEHRON, 11-may. /“Dunyo” AA/. Oq uy rahbari Donald Tramp AQSH tomonidan urushni to‘xtatish bo‘yicha ilgari surilgan taklifga Eron bergan javobni “mutlaqo nomaqbul” deb baholadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Axios” portaliga tayanib.
AQSH muzokaralarni qayta yo‘lga qo‘yish maqsadida taklif bildirganidan bir necha kun o‘tib, Eron urushni barcha yo‘nalishlarda, jumladan Livanda “Hizbulloh” guruhi bilan davom etayotgan mojaroni to‘xtatishga qaratilgan javobini taqdim etdi.
Eron davlat ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, Tehron harbiy yo‘qotishlar uchun kompensatsiya to‘lashni talab qilgan, shuningdek, Eronning Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ustidan suverenitetini ta’kidlagan. Mamlakat AQSHdan dengiz blokadasini bekor qilish, keyingi hujumlarni to‘xtatish bo‘yicha kafolat berish, sanksiyalarni bekor qilish hamda Eron neftini sotishga qo‘yilgan taqiqni olib tashlashni ham talab qilgan.
AQSH Prezidenti o‘zining “Truth Social” ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida shunday yozdi: “Men hozirgina Eron vakillarining javobini o‘qidim. Menga bu yoqmaydi — MUTLAQO NOMAQBUL”.
Donald Tramp avvalroq Eron bilan mojaro tezda yakunlanishi mumkinligini bildirgan edi. Biroq Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu urushni yakunlash Eronning boyitilgan uran zaxiralarini yo‘q qilish va uning boyitish obyektlarini demontaj qilmasdan mumkin emasligini ta’kidlagan.
Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon esa mamlakat “hech qachon dushman oldida bosh egmasligini va ehtimoliy muzokaralar taslim bo‘lish degani emasligini” ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, AQSH tomonidan taqdim etilgan 14 bandlik reja uranni boyitishni to‘xtatish, sanksiyalarni bekor qilish va Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali erkin dengiz harakatini ta’minlashni o‘z ichiga oladi. Ayrim shartlar yakuniy kelishuvga erishilishiga bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Fevral oyida AQSH va Isroil tomonidan boshlangan urushni to‘xtatish hamda muzokaralarni yengillashtirish maqsadida joriy etilgan o‘t ochishni to‘xtatish rejimi ayrim to‘qnashuvlarga qaramay, asosan saqlanib qolmoqda.
“Reuters” agentligi surati
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi




