Endi o‘zbek inkubatsion tuxumi va quyon go‘shti BAAga eksport qilinadi
May 11, 2026. 12:00 • 2 daq
• 174
ABU-DABI, 11-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, eksport salohiyatini oshirish hamda tashqi bozorlarni diversifikatsiya qilish borasida amaliy ishlar izchil davom etmoqda, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
So‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasida qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat xavfsizligi va investitsiya sohalaridagi hamkorlik yangi bosqichga chiqib, o‘zaro manfaatli loyihalar soni ortib bormoqda.
Xususan, O‘zbekistonning BAAdagi elchixonasi tomonidan amalga oshirilgan muzokaralar natijasida BAAning Iqlim o‘zgarishi va atrof-muhit vazirligidan mahalliy yetishtirilgan inkubatsion tuxum hamda quyon go‘shtini mazkur mamlakat bozoriga eksport qilish bo‘yicha rasmiy ruxsat olindi. Bu mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun yana bir istiqbolli eksport yo‘nalishi ochilganini anglatadi.
Mazkur qaror, avvalo, ikki davlat o‘rtasida oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Bugungi kunda dunyo miqyosida oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talab ortib borayotgan bir paytda, ishonchli va sifatli mahsulot yetkazib beruvchi davlatlar bilan hamkorlikni rivojlantirish har qanday mamlakat uchun strategik ahamiyat kasb etadi.
Ayniqsa, BAA bozori yuqori xarid qobiliyati, katta import hajmi va qat’iy sifat talablari bilan ajralib turadi. Bunday bozorga mahalliy mahsulotlarning kirib borishi o‘zbek ishlab chiqaruvchilari uchun katta yutuq bo‘lib, ularning xalqaro bozorlardagi raqobatbardoshligini yanada oshirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, inkubatsion tuxum va quyon go‘shti kabi yangi turdagi mahsulotlarni eksport qilish milliy eksport geografiyasini kengaytirish, eksport tarkibini diversifikatsiya qilish hamda valyuta tushumlarini ko‘paytirish imkonini beradi.
Mutaxassislar fikricha, quyonchilik va parrandachilik sohalarini rivojlantirish qishloq xo‘jaligida yuqori qo‘shimcha qiymat yaratishda muhim o‘rin tutadi. Bu nafaqat eksport hajmini oshirish, balki yangi ish o‘rinlari yaratish, mahalliy ishlab chiqarish zanjirlarini kengaytirish va fermer xo‘jaliklarining daromadini ko‘paytirishga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Umuman olganda, inkubatsion tuxum va quyon go‘shtini BAA bozoriga eksport qilish bo‘yicha ruxsat olinishi mamlakatimiz eksport salohiyatini kengaytirish yo‘lidagi yana bir muhim qadam bo‘lib, u O‘zbekistonning xalqaro bozorlardagi iqtisodiy pozitsiyasini mustahkamlash, milliy mahsulotlar brendini targ‘ib qilish hamda ikki davlat o‘rtasidagi uzoq muddatli strategik hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi




