Rossiya kompaniyasi O‘zbekistonda ekologik toza mahsulotlar ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda
Avgust 27, 2026. 20:08 • 2 daq
• 5
TOMSK, 27-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Novosibirsk shahridagi Bosh konsuli Aslam Akbarov “Sibereko” MChJ bosh direktori Andrey Mandrik bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Andrey Mandrik O‘zbekiston tomoni bilan uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyorligini bildirdi. Xususan, yurtimizga ekologik toza oziq-ovqat mahsulotlarni yetkazib berish, kelgusida esa ishlab chiqarish quvvatlarini mamlakatimiz hududida mahalliylashtirish masalalariga qiziqish bildirdi.
Rossiya tomonining maʼlum qilishicha, “Sibereko” kompaniyasi Bosh konsulxona bilan hamkorlik natijasida hozirgi bosqichda O‘zbekistonning “FBFA Textil Lts” kompaniyasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Hamkorlik kosmetika mahsulotlarini yetkazib berishni nazarda tutadi.
Kompaniya O‘zbekiston bozoriga kengroq kirish va o‘z mahsulotlarini mamlakatimizda faol targ‘ib qilish niyatida.
“Sibereko” Sibir hududida o‘sadigan yovvoyi o‘simliklardan ekologik toza va sog‘lom oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqaradi. Mahsulotlarga sunʼiy konservantlar, bo‘yoqlar va xushbo‘ylashtiruvchi qo‘shimchalar qo‘shilmaydi. Kompaniya oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish sohasida 10 yildan ziyod faoliyat yuritib kelmoqda.
Kompaniya “Sibereko” brendi ostida mahsulotlar ishlab chiqaradi. Ular oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini boshqarish tizimi bo‘yicha ISO 22000:2018 xalqaro sifat standarti talablariga javob beradi.
Korxona Rossiyaning yirik kompaniyalari uchun mahsulot yetkazib beradi. Shuningdek, Rossiyadagi federal savdo tarmoqlari va distribyutorlar, MDH, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi davlatlari hamda boshqa xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlik qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi