Qirg‘iziston OAV: SHHTda O‘zbekiston tashabbuslari mintaqaviy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqmoqda
Avgust 27, 2026. 18:30 • 2 daq
• 24
BISHKEK, 27-avgust. /“Dunyo” AA/. Qirg‘izistonning “Alliance-press” axborot agentligida Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT)da O‘zbekistonning o‘rni va tashabbuslariga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda qayd etilishicha, bugungi kunda tashkilot 10 ta aʼzo davlat, 15 ta muloqot bo‘yicha sherik va 2 ta kuzatuvchi davlatni birlashtirmoqda hamda unga aʼzo bo‘lish istagini bildirayotgan mamlakatlar soni ortib bormoqda.
SHHT tashkil topgan ilk kunlardan buyon uning ajralmas qismi bo‘lgan O‘zbekiston tashkilot faoliyatiga salmoqli amaliy hissa qo‘shib kelmoqda. Mamlakatimiz to‘rt marotaba – 2004, 2010, 2016 va 2022-yillarda SHHTga muvaffaqiyatli raislik qilib, sammitlarga mezbonlik qilgan.
Iqtisodiy sohada O‘zbekiston chuqur sanoat kooperatsiyasi va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishga o‘tishni strategik maqsad qilib qo‘ygan. 2025-yilda mamlakatning SHHTga aʼzo davlatlar bilan tashqi savdo aylanmasi 81,2 milliard dollarga yetdi.
O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan “Kritik materiallar bo‘yicha mintaqaviy markaz”, “SHHT Energetika konsorsiumi”ni tashkil etish, “Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi va uni “Termiz–Mazori Sharif–Kobul–Peshavar” Transafg‘on koridori bilan jipslashtirish tashabbuslari yangi transport va iqtisodiy koridorlarni shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Xavfsizlik sohasida Toshkent anʼanaviy “uch yovuz kuch”ga (terrorizm, separatizm, ekstremizm) qarshi kurashish bilan birga, kiberxavfsizlikni taʼminlash, sunʼiy intellekt bo‘yicha xalqaro ekspertlar kengashini tuzish hamda Afg‘onistonni mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga jalb etish bo‘yicha tizimli tashabbuslarni ilgari surmoqda.
Maqolada O‘zbekistonning iqlim o‘zgarishiga moslashish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, “yashil” texnologiyalarni joriy etish hamda turizm va madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish borasidagi amaliy takliflari alohida eʼtirof etilgan. Xususan, “SHHT Yashil belbog‘i” dasturi, “Atlas oziq-ovqat xavfsizligi” platformasi hamda “SHHT turistik va madaniy poytaxti” dasturlari shular jumlasidandir.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi