“Orient” AA: Toshkent Markaziy Osiyodagi yirik to‘qimachilik ko‘rgazmasiga mezbonlik qiladi
Avgust 27, 2026. 19:30 • 2 daq
• 81
ASHXOBOD, 27-avgust. /“Dunyo” AA/. Turkmanistonning “Orient” axborot agentligida 8–10-sentyabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadigan “To‘qimachilik uskunalari va texnologiyalari CAITME 2026” 17-Markaziy Osiyo xalqaro ko‘rgazmasiga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada joriy yilgi ko‘rgazmada 17 mamlakatdan 250 ta kompaniya va brend ishtirok etishi, Germaniya milliy pavilyon bilan qatnashishi, Avstriya, Hindiston, Italiya, Xitoy, Turkiya, AQSH, Shveysariya va boshqa davlatlarning yetakchi kompaniyalari o‘z texnologiyalarini namoyish etishi qayd etilgan.
Nashr mazkur ko‘rgazmani Markaziy Osiyoning to‘qimachilik va tikuvchilik sanoati uchun muhim xalqaro maydon sifatida baholab, uni tarmoqni modernizatsiya qilish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va mahsulotlarning xalqaro bozorlardagi raqobatbardoshligini mustahkamlashdagi ahamiyatini taʼkidlagan.
Shuningdek, tadbirda Yevropa va Osiyoning yirik to‘qimachilik uskunalari ishlab chiqaruvchilari hamda zamonaviy texnologiyalar yetkazib beruvchilarining mahsulotlari namoyish etilishi maʼlum qilingan.
Bundan tashqari, materialda ko‘rgazmaning muhim yangiliklaridan biri sifatida 9-sentyabr kuni ilk bor o‘tkaziladigan “TextileExpo Uzbekistan Sourcing Hub” loyihasiga ham eʼtibor qaratilgan.
Unda to‘qimachilik ishlab chiqaruvchilari, savdo tarmoqlari, fabrikalar va sohaviy kompaniyalar xaridorlari sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda raqamli formatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri B2B formatida muzokaralar o‘tkazishi qayd etilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi