Samarqandda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari bo‘yicha 17 mamlakat ekspertlari jam bo‘ldi
Sentabr 17, 2026. 20:00 • 2 daq
• 100SAMARQAND, 17-sentabr. /“Dunyo” AA/. Samarqandda Xalqaro demokratiya kuniga bag‘ishlangan “Demokratik taraqqiyotda fuqarolik jamiyati institutlarining ahamiyati: O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari tajribasi” mavzusida xalqaro forum bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda AQSh, Kanada, Belgiya, Buyuk Britaniya, Vengriya, Germaniya, Ispaniya, Fransiya, Shvetsiya, Turkiya, Ozarbayjon, Hindiston, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston kabi 17 mamlakatdan ekspertlar, shuningdek, jamoat tashkilotlari, ilmiy muassasalar, davlat organlari va OAV vakillari ishtirok etdi.
Forum Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi tomonidan BMT va BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi, YXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori, Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi hamda nodavlat notijorat tashkilotlari ko‘magida tashkil etildi.
Ishtirokchilar demokratik taraqqiyotning zamonaviy tendensiyalari, fuqarolik jamiyatining roli hamda davlat va jamiyat o‘rtasidagi hamkorlik mexanizmlarini muhokama qildi. Markaziy Osiyo mamlakatlarining davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish, jamoatchilik ishtirokini kengaytirish va fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi tajribasiga alohida eʼtibor qaratildi.
Muloqot chog‘ida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslarining ahamiyati alohida qayd etildi. Mintaqaviy ustuvor yo‘nalishlar qatorida “yashil” energetikani rivojlantirish, transchegaraviy suv resurslaridan oqilona foydalanish, Orolbo‘yining ekologik muammolarini hal etish va iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yengib o‘tish masalalari tilga olindi.
Tadbirning ochilish marosimidan so‘ng islohotlarni amalga oshirish va ijtimoiy sheriklik, inson manfaatlarini taʼminlashda fuqarolik jamiyatining roli hamda Markaziy Osiyoda hamkorlik va yaxshi qo‘shnichilikni rivojlantirishga bag‘ishlangan shoʻba yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi.
Anjuman qatnashchilari, shuningdek, mintaqa mamlakatlari fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda ekspertlik va nodavlat tarmoqlarini shakllantirish istiqbollarini ko‘rib chiqdilar. Xorijiy ekspertlar jamoatchilik nazorati va monitoringi sohasidagi tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar hamda O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadilar.
Forum yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlarida fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash, tajriba almashishni kengaytirish hamda mintaqaviy muloqotni rivojlantirishga qaratilgan rezolyutsiya qabul qilindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




