O‘monda O‘zbekiston madaniyati kunlarini o‘tkazish rejalashtirilmoqda
Sentabr 16, 2026. 14:00 • 59 soniya
• 138
MASKAT, 16-sentabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Abdusalom Xatamov O‘mon madaniyat, sport va yoshlar vaziri Sayyid Saud bin Hilol al-Busaidiy bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasida madaniyat, sport va yoshlar siyosati sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Vazir O‘zbekiston bilan munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichda rivojlanayotganini mamnuniyat bilan qayd etib, ikki xalqni umumiy tarix, din, qadriyatlar, anʼanalar va boy madaniy meros bog‘lab turishini taʼkidladi.
Muloqot chog‘ida tomonlar madaniyat, sport va yoshlar yo‘nalishlarida delegatsiyalar almashinuvini kengaytirish hamda yangi amaliy loyihalarni ro‘yobga chiqarishga kelishib oldilar.
Uchrashuvda Maskat shahrida O‘zbekiston madaniyati kunlarini o‘tkazish tashabbusi alohida ko‘rib chiqildi. O‘mon tomoni ushbu tadbirni yuqori saviyada tashkil etishda amaliy ko‘mak ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi