Minsk va Toshkent energetika sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqmoqda
Noyabr 03, 2026. 17:00 • 2 daq
• 9
MINSK, 3-noyabr. /“Dunyo” AA/. Belarus OAV “O‘zatom” agentligi delegatsiyasining Minsk shahriga tashrifi davomida O‘zbekistonda milliy atom elektr stansiyasini qurish uchun o‘rta bo‘g‘in texnik kadrlarini tayyorlashga ixtisoslashgan qo‘shma markaz tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishilganini yoritdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“BelTA” axborot agentligi ikki mamlakat energetika vazirliklari o‘rtasida 2025–2027-yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi” amalga oshirilayotgani haqida maqola e’lon qildi.
Materialda yozilishicha, Belarus Energetika vazirligida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda kadrlar tayyorlash, Minsk elektrotexnika zavodi bilan hamkorlikda O‘zbekistonda energetika uskunalari, xususan, transformatorlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish masalalari muhokama qilingan. Belarusning atom elektr stansiyasini qurish va xavfsiz ishlatish tajribasi O‘zbekistonning yadro energetikasi dasturini ishga tushirishda amaliy ko‘mak bo‘lishi ta’kidlangan.
Belarusning “STV” davlat telekanalida “O‘zatom” agentligi direktori Azim Axmedxo‘jayev bilan intervyu namoyish qilindi. Dasturda Jizzaxda tashkil etilayotgan yangi qo‘shma o‘quv markazi nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi uchun yadro sohasida kadrlar tayyorlash bo‘yicha kompetensiyalar markaziga aylanishi qayd etilgan.
Belarusning energetika va ta’lim sohalariga ixtisoslashgan nashrlari ham ushbu mavzuga alohida e’tibor qaratdi. Ularning ma’lum qilishicha, Jizzax politexnika instituti filialida joylashadigan o‘quv markazida zamonaviy dasturlar asosida yuqori malakali elektromontajchilar va payvandchilar tayyorlanadi.
Belarus OAVda kasb-hunar ta’limi sohasidagi kelishuvlar keng qamrovli iqtisodiy va texnologik hamkorlikning bir qismi sifatida baholanmoqda. Bunda yadro energetikasi ikki tomonlama kun tartibining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi