Bugun O‘zbekistonda XI Yevropa kinofestivali boshlanadi

Oktabr 23, 2026. 12:30 • 3 daq

• 21
Bugun O‘zbekistonda XI Yevropa kinofestivali boshlanadi

TOSHKЕNT, 23-oktabr. /“Dunyo” AA/. Bugun O‘zbekistonda XI Yevropa kinofestivali o‘z ishini boshlaydi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Kecha Milliy kino san’ati saroyida joriy yilda Toshkent va Urganch shaharlarida o‘tkaziladigan XI Yevropa kinofestivalining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Har yili o‘tkaziladigan ushbu madaniy tadbir Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi tomonidan O‘zbekiston Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi bilan hamkorlikda, shuningdek, Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar elchixonalari, madaniyat muassasalari va boshqa Yevropa mamlakatlari ko‘magida tashkil etiladi.

XI Yevropa kinofestivali dasturidan Kipr, Fransiya, Germaniya, Gretsiya, Italiya, Latviya, Litva, Luksemburg, Ruminiya va Sloveniya rejissyorlarining 11 ta samimiy hikoyasi o‘rin olgan.

Festival kunlari tomoshabinlarga hujjatli filmlardan tortib psixologik dramalar, animatsiya, biografik kartinalar va romantik hikoyalargacha bo‘lgan turli janrdagi filmlar taqdim etiladi.

2013-yildan buyon tashkil etib kelinayotgan Yevropa kinofestivali kino ixlosmandlari orziqib kutadigan madaniy tadbirlardan biriga aylangan. O‘tgan davr mobaynida O‘zbekistonning to‘qqizta hududida Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarning 120 dan ortiq filmi namoyish etildi.

Yevropa kinematografiyasining xilma-xilligi Navoiy, Nukus, Shahrisabz, Farg‘ona, Jizzax, Buxoro va boshqa shaharlarda tomoshabinlar e’tiboriga havola etilib, doimo katta qiziqish va ijobiy e’tirofga sazovor bo‘lib kelmoqda.

Festival dasturi 23–25-oktabr kunlari Toshkentdagi Milliy kino san’ati saroyida (sobiq “Panorama”), shuningdek, 27-oktabr kuni Urganchdagi Xudoybergan Devonov nomidagi kinoteatrda namoyish etiladi.

Festival dasturini Fransiya va Luksemburg hamkorligida 2024-yilda suratga olingan “Bog‘dagi qayiq” (“Slocum et moi”) animatsion filmi ochib berdi. Mazkur multfilmga Jan-Fransua Lajioni rejissyorlik qilgan.

Ushbu asar “Cartoons on the Bay” festivalida eng yaxshi deb topilib, Pulchinella mukofoti (Pulcinella Awards)ni qo‘lga kiritgan. Shuningdek, Ansi xalqaro animatsion filmlar festivali dasturi hamda “Lyumer” milliy kino mukofotida eng yaxshi animatsion film nominatsiyasiga ko‘rsatilgan.

Multfilm voqealari 1950-yillarning boshlarida dengiz bo‘yidagi shaharlardan birida kechadi. Unda yosh Fransua ota-onasi bilan birga g‘ayrioddiy ish — oilaviy bog‘da yelkanli kema qurish bilan band bo‘ladi. Ushbu loyiha bosh qahramonni bolalikdan o‘smirlikka o‘tish davridagi ulkan orzular va g‘oyalarga ilhomlantiradi.

Festival kunlari yurtimizdagi Britaniya Kengashi tomonidan O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti (O‘zDJTU) va MOK HUB madaniy makonida talabalar uchun qisqa metrajli filmlar turkumi ham taqdim etiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish