Anqarada O‘zbekistonning milliy qadriyatlari va sayyohlik imkoniyatlari namoyish etildi
Oktabr 14, 2026. 08:55 • 2 daq
• 154ANQARA, 14-oktabr. /“Dunyo” AA/. Turkiyada bo‘lib o‘tgan IV Jahon madaniyatlari festivali va xalqaro netvorking ko‘rgazmasida O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi ham o‘z milliy stendi bilan ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ikki ming nafardan ortiq ishtirokchi qatnashgan mazkur xalqaro tadbir mamlakatimizning boy madaniy merosi, milliy an’analari, turistik imkoniyatlari va gastronomik salohiyatini keng namoyish etishda muhim ahamiyat kasb etdi.
O‘zbekiston stendida milliy kiyimlar, esdalik sovg‘alari, mahsulotlar, axborot materiallari hamda diqqatga sazovor maskanlar va turistik yo‘nalishlarga bag‘ishlangan videomateriallar taqdim etildi.
Shuningdek, palov, somsa, manti va boshqa taomlar namoyishi orqali xorijiy mehmonlar o‘zbek milliy oshxonasi, urf-odatlari va mehmondo‘stlik an’analari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.
Tadbir davomida milliy stendga tashrif buyurgan xorijlik mehmonlar, diplomatik vakolatxonalar vakillari hamda xalqaro ko‘rgazma ishtirokchilari bilan muloqotlar o‘tkazildi. Suhbatlar chog‘ida O‘zbekistonning tarixiy obidalari, zamonaviy turistik infratuzilmasi, gastronomik turizm imkoniyatlari va eksportbop milliy mahsulotlari haqida ma’lumot berildi.
Ko‘rgazma doirasida O‘zbekistonni barcha fasllarda sayyohlar uchun jozibador yo‘nalish sifatida targ‘ib qiluvchi “O‘zbekiston – 365 kun” tashabbusiga ham alohida e’tibor qaratildi. Ushbu tashabbus mamlakatimizning yil davomida sayohat qilish, tarixiy-madaniy meros bilan tanishish, milliy taomlardan bahramand bo‘lish va turli turistik yo‘nalishlarni kashf etish imkoniyatlarini xalqaro jamoatchilikka yetkazishga qaratilgan.
Anqaradagi festival O‘zbekistonning xalqaro maydondagi ijobiy imijini mustahkamlash, milliy merosimizni keng targ‘ib etish va mamlakatimizning turistik jozibadorligini oshirishga qaratilgan sa’y-harakatlarning amaliy ifodasi bo‘ldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

