Tez orada Yaponiya bozoriga o‘zbek lag‘moni asosidagi tayyor qadoqlangan mahsulot sotuvga chiqariladi
Noyabr 08, 2026. 11:30 • 2 daq
• 9OSAKA, 8-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi diplomatlari Osaka shahriga safari doirasida “Kaze Travel” kompaniyasi bosh direktori Akiko Nakatsubo bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot chog‘ida O‘zbekistonning madaniy va gastronomik turizm salohiyatini Yaponiyada keng targ‘ib qilish, yapon sayyohlari uchun yangi sayohat dasturlarini ishlab chiqish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Akiko Nakatsuboning ta’kidlashicha, kompaniya mijozlari asosan madaniy turizm va yangi taassurotlarga boy sayohatlarga qiziqadi. O‘zbekistonga safarlari davomida ular Toshkent va Samarqanddagi mahalliy bozorlar, hunarmandchilik ustaxonalari hamda Navoiy viloyatidagi Aydarko‘l atrofi bilan tanishgan. Safarlar davomida so‘zana tikish, kulolchilik, ot va tuya minish kabi milliy an’analar yapon sayyohlarida katta qiziqish uyg‘otgan.
Milliy hunarmandchilik rivojlangan mahallalarni turistik yo‘nalishlarga kiritish va sayyohlar uchun maxsus tematik dasturlar tashkil etish taklif qilindi. Suhbat davomida kompaniyaning O‘zbekiston va Markaziy Osiyo taomlarini Yaponiyada targ‘ib qilish tashabbusi ham muhokama qilindi.
Xususan, “Kaze Travel” kompaniyasining 35 yilligi munosabati bilan “World's Cuisine Museum” va “Silk Road Kitchen AYA” bilan hamkorlikda O‘zbekistonning mashhur an’anaviy taomlaridan biri bo‘lgan lag‘monning qadoqlangan tayyor mahsuloti ishlab chiqilib, 2026-yil noyabr oyidan boshlab Yaponiya bozorida sotuvga chiqarilmoqda.
Mazkur loyiha orqali yapon iste’molchilarini O‘zbekiston milliy taomlari bilan tanishtirish va mintaqaning gastronomik merosini keng targ‘ib qilish maqsad qilingan.
Bunday tashabbuslar O‘zbekistonning boy madaniy merosi va milliy taomlarini Yaponiyada ommalashtirish, mamlakatimizga bo‘lgan turistik qiziqishni yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


