Londondagi nufuzli turistik ko‘rgazmada O‘zbekiston milliy stendi tashkil etildi

Noyabr 05, 2026. 12:00 • 2 daq

• 204
Londondagi nufuzli turistik ko‘rgazmada O‘zbekiston milliy stendi tashkil etildi
Londondagi nufuzli turistik ko‘rgazmada O‘zbekiston milliy stendi tashkil etildi
Londondagi nufuzli turistik ko‘rgazmada O‘zbekiston milliy stendi tashkil etildi
Londondagi nufuzli turistik ko‘rgazmada O‘zbekiston milliy stendi tashkil etildi

LONDON, 5-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Buyuk Britaniya poytaxtida o‘tkazilayotgan “World Travel Market London 2026” xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasida milliy stend bilan ishtirok etmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mamlakatimiz delegatsiyasi tarkibiga Turizm qo‘mitasi, “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi, shuningdek, o‘ndan ortiq yetakchi mahalliy turoperatorlar va sayyohlik kompaniyalari vakillari kirdi.

Joriy yilgi milliy stend konsepsiyasi O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, ko‘p asrlik an’analari va xalq amaliy san’atiga asoslangan. Uni bezatishda milliy naqshlar, sharqona dekor elementlari hamda an’anaviy hunarmandchilik motivlaridan keng foydalanilgan.

Samarqand, Buxoro va Xivaning arxitektura merosi, Shahrisabzning tarixiy yodgorliklari, Termezning buddaviylik merosi hamda Qo‘qon xonligi arxitekturasiga alohida e’tibor qaratilgan. Shuningdek, mehmonlarga Marg‘ilonda atlas va adras to‘qish an’analari, Rishton kulolchilik maktabi, Namangan gulchilik madaniyati, Andijon tarixi va Boburiylar merosi haqida batafsil so‘zlab berilmoqda.

Tabiiy va ekologik turizm yo‘nalishi Jizzax viloyatidagi Zomin milliy tabiiy bog‘i, Navoiy viloyatidagi Nurota tog‘lari va Sarmishsoy petrogliflari, Qashqadaryo viloyatining tog‘li hududlari hamda Surxondaryo viloyatining Boysun madaniy makoni misolida namoyish etilmoqda. Bundan tashqari, Toshkent viloyatidagi Chorvoq, shuningdek, Qoraqalpog‘istondagi Mo‘ynoq va Orolbo‘yi mintaqasining turistik salohiyati taqdim qilindi.

Ko‘rgazma doirasida O‘zbekiston vakillari xorijiy turoperatorlar, sayyohlik kompaniyalari va soha ekspertlari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazmoqda. Muzokaralarning asosiy mavzulari ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash, yangi turistik yo‘nalishlarni ishlab chiqish hamda mamlakatimizga ko‘proq xorijiy sayyohlarni jalb qilishdan iborat.

“World Travel Market London” jahon sayyohlik industriyasining yetakchi xalqaro tadbirlaridan biridir. 2026-yilgi ko‘rgazmada 180 dan ortiq mamlakatdan vakillar, 4 mingdan ziyod eksponent hamda 46 mingdan ortiq ishtirokchi qatnashmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish