Xannan universitetida O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida turizm va ta’lim sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollariga bag‘ishlangan "Discover Uzbekistan" seminari bo‘lib o‘tdi

Noyabr 04, 2026. 21:00 • 3 daq

• 110
Xannan universitetida O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida turizm va ta’lim sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollariga bag‘ishlangan "Discover Uzbekistan" seminari bo‘lib o‘tdi

TOKIO, 4-noyabr. /“Dunyo” AA/. Yaponiyaning Xannan universitetida O‘zbekistonning turistik salohiyatiga bag‘ishlangan “Discover Uzbekistan” seminari bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbir mamlakatimizning Tokiodagi elchixonasi, Yaponiyadagi O‘zbekiston turizm va madaniyat assotsiatsiyasi hamda Xannan universiteti hamkorligida tashkil etildi. Unda yapon sayyohlik kompaniyalari (“Nankai Travel International”, “Kuoni Tumlare” va “Kaze Travel” vakillari), universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, talablar va mahalliy aholidan iborat 80 ga yaqin kishi ishtirok etdi.

Seminarning asosiy maqsadi O‘zbekistonning tarixiy-madaniy merosi, turistik yo‘nalishlari va zamonaviy imkoniyatlarini Yaponiya bozorida keng targ‘ib qilish, shuningdek, yapon sayohatchilarining yurtimizga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirishdan iborat bo‘ldi.

Elchixona vakillari turistik tarmoqda amalga oshirilayotgan islohotlar, infratuzilmani rivojlantirish va xorijiy mehmonlar uchun qulay sharoitlar yaratish borasidagi ishlar haqida so‘zlab berdilar. Taqdimot davomida Samarqand, Buxoro, Xiva va boshqa tarixiy shaharlarning diqqatga sazovor joylari, YUNЕSKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan obidalar, hududlarning turistik imkoniyatlari, milliy oshxonamiz va urf-odatlarimiz tanishtirildi.

Yapon sayyohlarining O‘zbekistonga qiziqishi yil sayin oshib bormoqda. Jumladan, 2026-yilning yanvar–sentabr oylarida 36 mingdan ortiq Yaponiya fuqarosi sayyohlik maqsadida mamlakatimizga tashrif buyurdi — bu ko‘rsatkich 2025-yildagi umumiy natijadan ham yuqoridir.

Yaponiyadagi O‘zbekiston turizm va madaniyat assotsiatsiyasi vakili Akane Masaoka yapon sayyohlari uchun yurtimizning jozibali jihatlari va sayohatlarni tashkil etish imkoniyatlari haqida gapirib berdi. Xannan universiteti dots.nti Seygi Sibata ilmiy-ta’lim aloqalarini kengaytirish, talabalar almashinuvi va madaniyatlararo muloqot istiqbollarini qayd etdi. Shuningdek, ilgari ta’lim sayohatlari bilan O‘zbekistonda bo‘lgan talabalar ham o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdilar.

Dastur doirasida mamlakatimizning turistik yo‘nalishlariga bag‘ishlangan videoroliklar namoyish etildi, savol-javoblar va viktorinalar o‘tkazildi. Ishtirokchilarga yapon tilidagi turistik xaritalar va bukletlar tarqatilib, o‘zbek milliy hunarmandchilik buyumlari namoyish etildi.

Tadbirda ta’lim sohasidagi hamkorlikka ham alohida e’tibor qaratildi. Universitet prezidenti Xirosi Xirayama, vitse-prezident Mayumi Nisimoto va xalqaro tadqiqotlar fakulteti dekani Yudzi Inoue bilan uchrashuvda O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Muzokaralar yakunida Xannan universiteti delegatsiyasining 2027-yil aprel–may oylarida Namangan davlat universitetiga tanishuv tashrifini tashkil etish va oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida anglashuv memorandumi loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi. 

Bundan tashqari, o‘qituvchilar o‘rtasida tajriba almashinuv, onlayn-ma’ruzalar va qo‘shma seminarlar o‘tkazish, turistik soha uchun mutaxassislar tayyorlashda yapon tajribasini o‘rganish istiqbollari belgilab olindi. Xannan universitetida O‘zbekistonga bag‘ishlangan taqdimotlar va madaniy tadbirlarni muntazam ravishda o‘tkazib borish ham ko‘zda tutilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish