O‘zbekistondagi islohotlar samaradorligi Janubiy Koreya OAV nigohida
Mart 05, 2026. 18:06 • 2 daq
• 29SEUL, 5-mart. /“Dunyo” AA/. Janubiy Koreyaning “UN Journal” va “AJU Press” nashrlarida O‘zbekiston iqtisodiyoti rivoji va xalqaro faolligiga bag‘ishlangan maqolalar eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“UN Journal” eʼlon qilgan maqolada Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining ishbilarmonlik muhitiga bag‘ishlangan tadqiqoti natijalari tahlil qilinadi. O‘tkazilgan tadbirkor orasidagi so‘rovnomada mamlakat ishbilarmonlar faolligining oshgani, shuningdek, investitsiyalar va mahsulotlarga bo‘lgan talab bo‘yicha ijobiy kutilmalar shakllanayotganini ko‘rsatadi. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, biznes muhitining yaxshilanib borayotgani yangi ish o‘rinlari yaratilishiga xizmat qilmoqda hamda O‘zbekistonning mintaqadagi iqtisodiy mavqeini mustahkamlashga yordam bermoqda. Shu bilan birga, soliqqa tortish tizimi, kredit resurslariga kirish imkoniyati va infratuzilma xarajatlari bilan bog‘liq ayrim muammolar ham saqlanib qolmoqda. Shu bois ushbu sohalarda olib borilayotgan islohotlar barqaror iqtisodiy rivojlanishni taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Maqolada, shuningdek, raqamli texnologiyalarni keng joriy etish va davlat boshqaruvi sohasidagi islohotlarning ahamiyatiga alohida eʼtibor qaratilgan. Qayd etilishicha, bunday yondashuv korxonalarni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonlarini tezlashtirish, soliq hisobotlarini soddalashtirish hamda iqtisodiy bitimlarning shaffofligini oshirishga xizmat qiladi. Zamonaviy texnologiyalarning biznes muhitiga integratsiyasi startaplar va kichik biznes uchun yangi imkoniyatlar yaratib, ularning xalqaro miqyosdagi raqobatbardoshligini oshirishga turtki bermoqda.
“Ajou Press” nashrida eʼlon qilingan boshqa bir maqolada esa O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Vashingtonga tashrifi haqida so‘z yuritiladi. Tashrif doirasida davlat rahbari Xalqaro tinchlik kengashining ilk yig‘ilishida ishtirok etib, AQSH bilan qator muhim kelishuvlarni imzolagani qayd etilgan. Maqolada taʼkidlanishicha, strategik sheriklik nafaqat gumanitar tashabbuslarni, balki iqtisodiy loyihalarni ham qamrab olib, qo‘shma investitsiyalarni kengaytirish va O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Maqolaning iqtisodiy qismida tashrif dasturi doirasida aviatsiya, tog‘-kon sanoati, kimyo sanoati, energetika hamda innovatsiyalar sohalarida umumiy qiymati 100 milliard dollardan ortiq bo‘lgan shartnomalar va loyihalar ko‘rib chiqilgani qayd etiladi. Ushbu tashrif Amerika kompaniyalari bilan uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirish, mamlakat eksport salohiyatini kengaytirish hamda yuqori texnologiyali tarmoqlarni modernizatsiya qilish orqali barqaror iqtisodiy o‘sish uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi

