AQSh va Eron Qatarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazilganini tasdiqlamadi

Iyun 30, 2026. 19:21 • 2 daq

54
AQSh va Eron Qatarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazilganini tasdiqlamadi
“AFP” agentligi surati

DOHA, 30-iyun. /“Dunyo” AA/. AQSh va Eron vakillarining Dohaga tashrifi kelishilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarsiz o‘tmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Reuters” agentligiga tayanib.

AQSh prezidentining maxsus elchilari Jared Kushner va Stiv Uitkoff bugun “yuqori darajadagi uchrashuvlar” uchun Qatarga kelishi kutilgan edi, biroq muzokaralar muddati va formati noaniqligicha qolmoqda.

Qatar Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Majid Al-Ansoriyning so‘zlariga ko‘ra, AQSh delegatsiyasi Qatar vositachilari bilan uchrashadi, biroq Eron rasmiylari bilan uchrashuv bo‘lmaydi.

Eron Dohaga texnik delegatsiya yuborayotganini ma’lum qildi. Bu Amerika tomoni bilan bog‘liq emasligi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar rejalashtirilmayotganini ta’kidladi. Eron Tashqi ishlar vazirligi vakili Ismoil Bagaiy AQSh bilan yaqin kunlarda uchrashuvlar bo‘lmasligini ma’lum qildi.

Eron rasmiylariga ko‘ra, Dohadagi muhokamalar Hurmuz bo‘g‘ozini boshqarish, Eron aktivlarini muzlatish va keskinlikni kamaytirish masalalari bilan cheklanishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, AQSh va Eron so‘nggi kunlarda doimiy o‘t ochishni to‘xtatish va Tehronning yadroviy masalasini hal qilish bo‘yicha muzokaralar uchun 60 kunlik muddatni nazarda tutuvchi iyun oyidagi 14 banddan iborat kelishuv doirasida erishilgan vaqtinchalik sulhni buzganlikda yana bir-birini aybladi.

Bir kun avval “Axios” portali xabar berganidek, tomonlar zarbalarni to‘xtatishga va Ko‘rfaz mintaqasida zarbalar almashinuvidan so‘ng shu hafta Qatarda uchrashishga kelishib oldi.

Mojaro Livandagi Isroil va Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan “Hizbulloh” guruhi atrofidagi keskinlik bilan bog‘liq bo‘lib, u yerda harbiy harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha alohida doiraviy kelishuv muhokama qilinmoqda. Biroq qo‘shinlarni olib chiqish va qurolsizlanish masalalari bo‘yicha kelishmovchiliklar tufayli uning natijalari noaniqligicha qolmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish